Erkinjon Turdimovga Samarqand shahridagi sayyor qabulda 475 ta murojaat bo‘ldi

Jumladan, Qo‘shrabot tumanidan II-guruh nogironi bo‘lgan ayol kishi oyog‘ini operatsiya qilib, endoprotez qo‘yilishida yordam so‘radi. Javob qisqa va lo‘nda bo‘ldi: tegishli mutasaddilar bu ishni 10 kun ichida amalga oshiradi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, endoprotez organizmga ulanadigan emas, operatsiya yo‘li bilan organizmning ichiga o‘rnatiladigan sun’iy moslama. Endoprotez dunyodagi 4-5 davlatda ishlab chiqariladi. Bu moslama qimmat turishi bilan birga operatsiyasi ham katta xarajat talab qiladi.

Sayyor qabul davomida ayni shu masalada Samarqand shahridan bir erkak kishi ham murojaat qildi. Unga ham viloyat byudjetidan ajratilgan mablag‘ asosida jarrohlik amaliyoti bilan endoprotez o‘rnatiladigan bo‘ldi.

Darvoqe, protez buyumlarini tayyorlash va ishlab chiqarish oddiy jarayon emas. Bu borada viloyatimizda dastlabki ishlar boshlangan. Xususan, ayni paytda Qo‘shrabot tumanidagi “Zarmed” korxonasida ortopedik oyoq buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada mahsulot turlarini ko‘paytirish choralari ko‘rilyapti.

Sayyor qabul davomida tibbiy xizmat bilan bog‘liq 15 ta murojaat bo‘ldi. Ularning har biri bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.