Eron Qorabog‘dagi vaziyat tufayli hududiga 71 ta raketa kelib tushgani sabab chegara himoyasini mustahkamladi

Bu haqda mamlakat qurolli kuchlari vakili, general Abolfazl Sherakchi ma’lum qildi.

“Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi to‘qnashuvlar xalqaro huquq va qo‘shnichilik tamoyillariga rioya qilmaslik oqibatida Eron qurolli kuchlari o‘z mudofaa chizig‘ini mustahkamlab, shuni ma’lum qiladiki, mamlakatning chegara hududlari va u yerda yashovchi odamlarning xavfsizligi bizning qizil chizig‘imiz hisoblanadi”, deyilgan yuqori mansabli harbiyning bayonotida.

Shu munosabat bilan u Qorabog‘ hududidan Eron hududiga kelib tushgan jangovar snaryadlar haqida to‘xtalib o‘tdi va tomonlarga “Eron qizil chizig‘ini kesib o‘tmaslikni”, shu bilan birga, muammoni muzokara yo‘li bilan hal qilishni maslahat berdi. Generalning so‘zlariga ko‘ra, “Eron chidab qarab o‘tirmaydi va to‘qnashuv olib borayotgan tomonlar, shubhasiz pushaymon bo‘ladilar”.

Armaniston va Ozarbayjon bilan chegaradosh bo‘lgan Eronning shimoliy-g‘arb hududlariga vaqti-vaqti bilan Qorabog‘ hududidan snaryadlar kelib tushadi. Eron mahalliy hukumati xabar qilgan so‘nggi shunday holat 21 oktyabr kuni sodir bo‘ldi. IRNA agentligining ma’lum qilishicha, o‘sha kuni Eron hududiga 71 dona raketa kelib tushgan.