Eronda ikkinchi namoyishchi qatl etildi, mamlakatga qarshi sanksiyalar kuchaytiriladi

Bir hafta ichida Eron deyarli uch oydan beri mamlakatni larzaga keltirgan norozilik namoyishlarining ikkinchi ishtirokchisini qatl qildi.

Majid Rizo Rahnavard shimoliy Mashhad shahrida “Xudoga qarshi urush olib borgani” uchun o‘lim jazosiga hukm qilinganidan keyin omma oldida osilgan edi. Yigit ikki xavfsizlik xodimini o‘ldirishda, yana to‘rt nafarini jarohatlashda ayblangan va u buni tan olgani aytilgandi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi OAV savollariga javob berar ekan, voqea ichki masala ekanini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining namoyish o‘tkazishga to‘liq haqqi bor, lekin bu namoyishchi emas, balki isyonchi edi.

Qatllar xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi va ular o‘z navbatida Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga tayyor.

"Men Eron tashqi ishlar vaziri bilan uzoq suhbatlashdim. Biz qatllar haqida gaplashdik. Yevropa Ittifoqining xavotiri va qatlga qarshi ekanini bildirdim, shuningdek, bugun qabul qilinadigan sanksiyalar haqida ma’lum qildim", degan Yevropa diplomatiyasi rahbari Xosep Borrell.

Hukumatga qarshi namoyishlar sentabr oyi o‘rtalarida hijobni noto‘g‘ri kiygani uchun hibsga olingan Mahsa Amini o‘limidan so‘ng boshlangan.

Bir qancha nodavlat tashkilotlarga ko‘ra, namoyishlarni zo‘ravonlik bilan, beshafqatlarcha bostirishda 400 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

O‘tgan hafta birinchi mahbus, xavfsizlik kuchlari xodimlariga hujum qilishda ayblangan 23 yoshli yigit qatl etilgan bo‘lsa, faollarning aytishicha, yopiq sud majlislarida 10 dan ortiq odamni o‘lim jazosi kutmoqda.