Erondagi yadroviy inshootda qurol darajasida boyitilgan uran borligi aytilmoqda
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) inspektorlari Erondagi Fordo yerosti yadroviy inshootida 83,7 foizgacha boyitilgan, deyarli qurol darajasida bo‘lgan uran zarralarini topdi va hozir bu masalani Eron rasmiylari bilan muhokama qilmoqda, deyiladi BBS News xabarida.
Eron 2015 yilda jahon kuchlari bilan imzolangan yadroviy kelishuvni buzgan holda uranni ikki yil davomida ochiqcha 60 foizgacha boyitayotgan bo‘lsa-da, boyitish darajasida “bexosdan chetlashishlar” yuz bergan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilmoqda.
Mamlakatni yadroviy qurol ishlab chiqarishiga yo‘l qo‘ymaslikni maqsad qilgan ushbu shartnomaning bir qismi sifatida eronliklar o‘zlarining yadroviy dasturini cheklashi va mamlakat iqtisodiyotini vayron qiluvchi xalqaro sanksiyalarni yumshatish evaziga MAGATE inspektorlarini yadroviy inshootlarga kiritishi shart edi.
Biroq, sobiq prezident Donald Tramp 2018 yilda shartnomadan bir tomonlama chiqib, sanksiyalarni qayta joriy qilganidan keyin shartnoma barbod bo‘lish yoqasiga keldi va Eron bunga javoban uranni boyitish darajasini bosqichma-bosqich oshira boshladi.
Bayden ma’muriyati boshidan Eron uning barcha shartlarini qat’iy bajarishga tayyor bo‘lsagina ushbu shartnomaniga qaytishga tayyorligini bildirdi. Muzokaralar oldinga siljimadi.
Uran tabiiy holda past konsentratsiyalarda bo‘ladi, lekin uni maxsus sentrifugalarda yuqori tezlikda aylantirib, "Uran-235" og‘ir izotoplar sifatida boyitish mumkin.
Odatda 3-5 foiz "Uran-235" izotopini o‘z ichiga olgan kam boyitilgan uran atom elektr stansiyalarida yoqilg‘i sifatida ishlatilishi mumkin. "Uran-235" konsentratsiyasi 20 foizli yuqori boyitilgan uran tadqiqot reaktorlarida qo‘llaniladi va uran 90 foiz yoki undan yuqori boyitilganda u qurolga aylanadi.
Yadroviy kelishuv shartlariga ko‘ra, Eron uranni 3,67 foizdan ortiq boyitmaslik va "Fordo" zavodida boyitish jarayonini butunlay to‘xtatish majburiyatini olgan.
MAGATEning oxirgi choraklik hisobotida aytilishicha esa yanvar oyida "Fordo" zavodida olingan namunalarda 83,7 foizgacha boyitilgan uran zarralari topilgan.
Eron Atom Energiya Tashkiloti rahbari Muhammad Eslomiy bu voqea ahamiyatini pasaytirishga urinib, tez orada hamma buni unutishini aytdi.
Xullas, Eron yadroviy tadqiqotlarni faqat tinch maqsadlarda olib borishini ta’kidlashda davom etmoqda, biroq ekspertlar Tehronning uranni boyitish qoidalarini buzishi nazariy jihatdan bomba uchun qurol darajasidagi uran ishlab chiqarish vaqtini qisqartirishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.