Ertadan uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi
Vazirlar Mahkamasining “Aholiga ipoteka krediti va uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2022 yil 1 dekabrdan quyidagilar belgilanadi:
- Subsidiyaga talabgorlarni tanlab olish komissiyalari tarkibidan Yoshlar ishlari agentligi bo‘limi boshlig‘i va aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktorlari chiqariladi;
- Subsidiya olish uchun arizani aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, Yoshlar ishlari agentli bo‘limlari va tuman (shahar) hokimligi tomonidan ko‘rib chiqish tartibi bekor qilinadi;
- Bunda mazkur tashkilotlarning ma’lumotlari subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minoti orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Subsidiya ajratish maqsadida uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlari doirasida quyidagilar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim shaxslar toifasiga kiritiladi:
- yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar;
- olis va chekka hududlardagi byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislar va tibbiyot xodimlari.