Eshigingizni “gazovik” taqillatdimi?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvarda qabul qilingan “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, iste’molchilarning ichki gaz tarmoqlari va “zangori olov”dan foydalanish uskunalariga gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlangan jadvallar va tariflar bo‘yicha profilaktik xizmat ko‘rsatiladi.

Bunda ko‘p qavatli turar joylardagi gaz plitalar, boshqa gaz uskunalari mavjud bo‘lmaganda - ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish uskunalari - yilda bir marta va har bir isitish mavsumi boshlanishidan avval mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazish majburiy qilib belgilangan.

Gaz tarmoqlarida uchraydigan turli avariyalar va talafotlarning oldini olishga qaratilgan bunday tadbirlar ayni kunlarda barcha shahar va tumanlarda amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Jomboytumangaz” filialida bugungi kunda 9 390 ta xonadon tabiiy gazga, 23 048 ta xonadon suyultirilgan gazga moslashtirilgan. Filialning 8 nafar chilangari biriktirilgan hududlarda kuniga 5-6 ta xonadonlardagi gaz uskunalarini ko‘rikdan o‘tkazmoqda.

- Iyul oyining 13 sanasiga qadar tumanda 421 ta xonadonlarning gaz uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatildi, - deydi “Hududgaz Samarqand” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘lim boshlig‘i Salohiddin Mallayev. - Ta’kidlash lozimki, ayrim iste’molchilar tomonidan “mening gaz uskunam soz yoki yangi gaz plita sotib olganmiz, texnik xizmatga hojat yo‘q, buzilsa o‘zim tuzatib olaman”, degan vajlar bilan mutaxassislarni xonadoniga kiritmaslik holatlari uchrab turibdi.

Vaholanki, ko‘rsatayotgan xizmatimiz avvalo, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashdan iborat. Aslida “zangori olov”dan to‘g‘ri foydalanishda gaz uskunalari, jo‘mraklarning sozligi muhim ahamiyat kasb etadi. Aks holda, gaz sizib chiqish va boshqa omillar tufayli inson hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

“Hududgaz Samarqand” MChJ matbuot xizmati.