Ezgu xayollar qudrati yoxud kayfiyatni ko‘tarish usuli

Kishi hayotini o‘y-xayollarsiz tasavvur etish qiyin. Balki tushimiz uyqudagi xayollarimizdir? Agar o‘y-xayollar chalg‘itib turmasa, bilmadim, odam zerikishdan nima qilgan bo‘lardi. Hayotimiz uchun shunchalar ahamiyatga ega ekan, nima u – xayol, qanday paydo bo‘ladi? Miyada tutgan o‘rni, aql bilan munosabati nechog‘li ekanini bilamizmi? Gohida kishini xayollar boshqarib tursa kerak, degan o‘yga ham boraman. Lekin aql degan tushunchani ko‘proq bilganim uchun xayol undagi bir jarayon bo‘lib tuyuladi menga. Mulohazalar fikrimni shunchalar chalkashtirib yuboradiki, oxiri xayolni mo‘’jiza - Yaratganning g‘aroyibotlaridan biri ekanini tan olaman. Uni odamzotga o‘z-o‘zini va olamni anglashi uchun berilgan imkoniyat, ilohiy ne’mat degim keladi.

Chuqurroq fikr yuritilsa, darhaqiqat, insonni xayollari boshqarib turganiga ishonish mumkin. Chunki amalga oshirmoqchi bo‘lgan har qanday harakatimiz, avvalo, xayol ko‘zgusida gavdalanadi. Bu oniy lahzalarda ro‘y bersa ham shunday ekani ma’lum. Hatto tilga chiqarmoqchi bo‘lgan gapimiz ham birinchi navbatda ko‘nglimizdan o‘tadi. Ko‘pincha buni payqamaymiz. Mayli, gap bunda emas, maqsadimiz xayol surganda nimalarga e’tibor berishni tushunish, xolos. Xayol surishning qanday kechishini aniqlash esa fanning vazifasi.

Inson holati miyasida charx uradigan o‘y-xayollariga bog‘liqligi tajribada isbotlangan. Ruhiyatda sodir bo‘ladigan jarayonga inson ta’sirini ko‘rsatishga qodir ekan. Ya’ni ruhiyat ahvolimiz qandayligini belgilaydigan bo‘lsa, demak, uni o‘zgartirishimiz, holatimizni boshqarishimiz mumkin. Hamma gap bu imkoniyatdan qanday foydalanishimizda.

Xorijda qiziq bir tajriba o‘tkazilgan. Gazetaga xodim kerakligi haqida e’lon bergan bir tashkilotga mutaxassisligi to‘g‘ri keladigan 20  kishini ikki guruhga ajratib suhbatga yuborishgan. Birinchi guruhga kirganlarda taklif etilgan ishga o‘zlarini olishga gumon, to‘g‘rirog‘i ishga yo o‘taman, yoki o‘tmayman degan xavotir, ayrimlarida esa, hatto meni bu ish joyiga olishmaydi, degan hadik bo‘lgan. Ikkinchi guruh vakillari esa mazkur bo‘sh joy o‘rniga aniq men o‘taman degan ishonchda bo‘lgan. Tanlov yakuni hayratlanarli natijani ko‘rsatgan, ya’ni birinchi guruhdagilarning birortasi belgilangan ishga o‘tishga loyiq topilmagan. Ikkinchi guruhdagilarning aksariyati esa taklif etilgan ishga to‘g‘ri kelgani aniqlangan. Bu tajriba ishga qabul qilishda emas, o‘zgalar fikrini bilish uchun uyushtirilgan boshqa o‘zaro munosabatlarda ham sinab ko‘rilgan, natija esa bir xil, yuqoridagi holat takrorlangan. Demak, shunday xulosaga kelinganki, kishilarning ruhiy holati o‘zgalarga ta’sir etibgina qolmay, ko‘nglidagi istakni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan odamning o‘ziga xayrixoh bo‘lishiga ham undaydigan qandaydir bog‘liqlik ham paydo bo‘larkan.

Xalq orasida har gapga farishta omin deydi, degan gap yuradi. O‘ylagan narsa amalga oshadi deb bejiz aytilmagan. Albatta, biror ish bilan mashg‘ul bo‘lsak, fikrimiz bajarayotgan ishga bog‘liq bo‘ladi. Diqqatimiz amalga oshirayotgan ishimizga qaratilgan bo‘lsa, mehnatimiz barakali, aksincha chalg‘isa, unda unum bo‘lmaydi. Demak, ishimizning qanday kechishi va qanday bo‘lishi ham xayollarimizga bog‘liq bo‘larkan.

Agar aytgan gapimiz, o‘ylagan fikrimiz amalda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lsa, nega yashashga bo‘lgan munosabatimizni shunga moslamaymiz? Axir barchamiz hayotimiz yaxshi bo‘lishini istaymiz-ku. Kunlar xursandchilik bilan o‘tishini kim xohlamaydi? Kayfiyatni o‘y-xayollar bilan o‘zgartirish mumkin ekan, nega shu oddiy usulni o‘zimizda qo‘llamaymiz? Nega holatimizga salbiy ta’sir etadigan yomon xayollar bilan miyamizni zaharlashimiz kerak? Hasad, o‘zgani ko‘rolmaslik, boshqalarga yomonlik tilash kabi jirkanch xayollar bilan band bo‘lgan kishini uning aft-angoridan ham sezish mumkin, uning basharasi tund, nigohi so‘niq, harakatlari sust bo‘ladi. O‘ziga va boshqalarga ezgu niyatda bo‘lgan kishilar esa qayerda bo‘lishmasin yarq etib ko‘zga tashlanadi. Chunki ularning yuzidan nur yog‘ilib turadi, ko‘zlarida yorqin bir o‘t bor, chaqnab turishi shundan, hatto bir joyda o‘tirgan bo‘lishsa-da, ularning harakatchan, tetik inson ekanligi sezilib turadi.

Insonning holati uning qanday xayol surayotganini ma’lum qilib turar ekan, biz beixtiyor yaxshi xayollar og‘ushidagi insonga o‘xshagimiz keladi. Keling, mudom yaxshi narsalar haqida xayol surishni odat qilaylik. Kayfiyatingizni ko‘taradigan xotiralaringiz bisyor, o‘shalarni eslang. Yolg‘iz qolgan damlarda hayotingizning eng farovon damlarini xotirlang. Umringizni yanada zavqli o‘tishiga zamin tayyorlaydigan ezgu orzularga beriling. Agar shunday qilsangiz, yomon xayollar surish odati sizni butkul tark etadi va endi ko‘nglingizda hamisha kechadigan yaxshi niyatlaringiz sizni ezgulikka, demak kamolot sari yetaklaydi. Mudom esingizda tuting, faqat ezgu niyatli kishilar baxtga erishganlar.

Xurshid NURULLAYeV.