Fan olimpiadasining Respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi: Ular test sinovlarisiz hamda qo‘shimcha imtihonlarsiz kirish imtiyoziga ega bo‘ldilar

Joriy yilning 8 iyun kuni Toshkent qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida akademik litseylar, kasb-hunar kolleji va umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida umumta’lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadasining IV bosqichi boshlangan edi, deb xabar bermoqda xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati. 11 iyun kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida ushbu respublika fan olimpiadasining yopilish marosimi va g‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Murodilla Xolmuhamedov hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, olimpiada sovrindorlarini qutlagan holda ularga kelajakda ulkan zafarlar tiladi. Shuningdek, g‘oliblarga diplomlar va oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarsiz hamda qo‘shimcha imtihonlarsiz kirish imtiyozini beruvchi guvohnomalar topshirildi.

Olimpiadaning IV-bosqichi 18 ta umumta’lim fanlaridan (maxsus maktab-internati o‘quvchilari uchun ona tili va adabiyot hamda matematika fanlaridan) o‘tkazildi. Mazkur bosqichda 1059 nafar (448 nafari akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 611 nafari maktab o‘quvchilari) o‘quvchilar ishtirok etdi.

Olimpiadasining respublika bosqichi yakuniga ko‘ra, jami 18 ta fandan 53 nafar o‘quvchi g‘olib deb topildi va shundan 20 nafari 1-o‘ringa, 18 nafari 2-o‘ringa va 15 nafari 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Jamoalar hisobida esa Toshkent shahri 12 ta sovrinli o‘rin bilan 1-o‘rinni, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi 5 ta o‘rin bilan 2-o‘rinni, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari 4 ta o‘rin bilan 3-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Jarayonlarning haqqoniy va shaffofligini ta’minlash maqsadida hakamlar hay’ati va appelyasiya komissiyasi tarkibi Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari takliflari asosida Davlat test markazi vakili, Fanlar akademiyasi institutlarining yetakchi pedagog-olimlari, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va umumta’lim maktablarining yetakchi professor-o‘qituvchilari tarkibidan shakllantirildi.

Ta’kidlash joizki, g‘oliblar orasidan 23 nafari akademik litseylar, 8 nafari kasb-hunar kollejlari, 22 nafari umumta’lim maktablari o‘quvchilari.

Olimpiadada fanlardan 1-, 2- va 3- o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 226-sonli qaroriga binoan oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz hamda qo‘shimcha imtihonlarsiz kirish imtiyoziga ega bo‘ldilar.