Faoliyatimizga saylovchi baho beradi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Ilhom BOTIROV bilan suhbat
- O‘zLiDeP viloyat Kengashi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovlariga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?
- Partiyamiz bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlikni bir necha bosqich va yo‘nalishlarda, o‘tgan saylovlardan keyinoq boshlagan. Bunda maqsadli va elektorat hamda saylovchilar manfaatlari ustuvorligi tamoyilidan kelib chiqib, amaliy muloqotlar, turli loyihalar ko‘rinishida, aholi o‘rtasidagi partiyaviy targ‘ibot tadbirlariga ahamiyat berib kelmoqda.
Natijada xalqimizning partiyaga xayrixohligi, ishonchi kundan-kunga ortib bormoqda. Birgina misol, 2016 yilda Samarqand viloyatida partiya a’zolari soni 30 ming nafar atrofida edi. Bugunga kelib ularning soni 115 ming nafarga yaqinlashgan. Mamlakatimiz miqyosida esa partiya a’zolari soni bir milliondan oshdi. Bu o‘z navbatida xalqimizning qiziqish va orzu istaklari O‘zLiDeP g‘oyalari bilan hamohang ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Hududlarda saylov shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Partiyaning yangi ramzi keng muhokamalar jarayonidan so‘ng tasdiqlanib, o‘ziga xos rebrending qilindi.
- Viloyatda saylov natijalari qanday bo‘lishini kutayapsizlar? Nimaga asoslanib, shunday natijadan umid qilinyapti?
- Har bir partiya katta siyosiy maydonga chiqar ekan, albatta g‘alaba qozonishni maqsad qiladi. Saylovlar haqida gapirganda, O‘zLiDeP o‘z faoliyatida 4 marta parlament va mahalliy Kengashlarda, 3 marta Prezident saylovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgani, partiyamiz g‘oya va dasturlariga, barcha darajadagi nomzodlarimizga xalqimizning ijobiy munosabati yaqqol namoyon bo‘lganligini ta’kidlash lozim.
Bu yilgi saylovda ham O‘zLiDeP g‘alabasini ta’minlashda birinchi galda saylovchilarimizning ishonchini qozonish uchun mamlakat va hududlar rivojlanishi, eng asosiysi, yurtdoshlarimizning mushkulini oson, og‘irni yengil qilishga qaratilgan dasturimizni yaratdik.
Saylovoldi targ‘ibot tadbirlarining hozirgi bosqichida partiyaviy targ‘ibot tadbirlariga alohida e’tibor berilib karantin qoidalariga rioya etgan holda tadbirlar tashkil etilmoqda. Targ‘ibot tadbirlari esa partiyaviy faoliyat bilan bog‘langan holda mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda va bu tadbirlar qamrovi, maqsadi va tafsilotlari bo‘yicha matbuot va ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borilmoqda.
- Partiyadan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod uchun tabiiyki, viloyatda ham ishonchli vakil saylanadi. Bu vazifa kim(lar)ga topshirilishi rejalashtirilgan? Uning qaysi jihatlari saylovoldi targ‘ibotida samara beradi, deb o‘ylaysiz?
- Ishonchli vakil jamoatchilikka taniqli, katta hayot va ish tajribasiga ega, intellektual salohiyatli, obro‘-e’tiborli kishi bo‘lishi lozim. Bu masalada partiya yuqori tashkiloti, ya’ni Siyosiy Kengashimizga o‘z takliflarimizni bildirganmiz.
- Umuman, O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzod saylovlarda g‘alaba qozonsa, odamlar nimadan umid qilishlari mumkin?
- O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi davriga – milliy yuksalish, ya’ni mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini har tomonlama yuqori bosqichga ko‘tarish uchun dadil qadam qo‘ymoqda. Barcha sohalarda modernizatsiyalash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligini ta’minlash asosida O‘zbekistonning yangi, demokratik qiyofasi yaratilmoqda. O‘tgan Prezidentlik saylovida olg‘a surilgan partiya dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarni har bir fuqaro o‘z hayotida his etayapti va bevosita islohotlarning ishtirokchisiga aylanmoqda.
Joriy yilgi saylovoldi dastur loyihasida ham 6 yo‘nalish bo‘yicha barcha sohalarni isloh qilish ko‘zda tutilgan. Unda yangi O‘zbekistonni yanada rivojlantirish, xalqimizning turmush tarzini yaxshilash, farovon hayot qurish kabi g‘oyalar o‘z aksini topgan.
- Joriy yilning o‘tgan davrida partiya deputatlik guruhi tomonidan muayyan masalani o‘rganib, viloyat Kengashi sessiyasiga olib chiqilmadi. Bu holat saylovlarda aks ta’sir qilmaydimi?
- Bu fikrga qo‘shilmayman. Chunki xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida 50 ga yaqin masala xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sessiyalari muhokamasiga kiritildi. Viloyatdagi mahalliy kengashlarning 160 ga yaqin deputatlarini birlashtirgan 17 ta deputatlik guruhimiz a’zolari birinchi navbatda o‘z saylovchilari, qolaversa, hududlardagi muammoli masalalarga yechim topishda faollik ko‘rsatib kelmoqda.
Albatta, deputatlar faoliyatiga ham, saylovlar jarayonidagi partiya faoliyatiga ham bahoni saylovchilar beradi.
Yo.Marqayev tayyorladi.