Faqat qorin tashvishidagi xalqmizmi?

Bugun yurtimizda koronavirus qayd etilgani rasman ma’lum qilindi. Shu paytgacha ham dunyoni mana shu pandemiya tashvishga solayotganini, yaqin va uzoq mamlakatlardagi holatni eshitib turgan edik. To‘g‘ri, koronavirus tarqalgan yurtlarda tibbiy niqoblar yetishmayotganini eshitdik, lekin hech bir davlatda oziq-ovqat mahsulotlari taqchil bo‘lib qolganidan jar solinmadiku. Nega bizda virus qayd etilgani aytilgandan odamlar o‘zini bozorga, do‘konga urdi? Qorin tashvishi bizda asosiy masalami? Hukumat kasallikka chalinmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini ta’kidladi. Oziq-ovqatni jamg‘arib qo‘ying, yetishmovchilik bo‘ladi, deb ogohlantirmadi-ku.  Nega bundaymiz-a? Faqat qorin tashvishida hamma narsaga tayyormiz-a? Axir 34 million xalqning qorin tashvishini o‘ylaydigan, buning uchun zarur chora-tadbir belgilaydigan davlat bor. Afsuski, ko‘pchiligimiz buni o‘ylab ham ko‘rmay o‘z xatti-harakatimiz bilan xalqda vahima uyg‘otamiz, bilib-bilmay ayrim "uddaburonlar"ning tegirmoniga suv quyamiz. Buning oqibatida bugunoq ba’zi savdo do‘konlarida mahsulotlar narxiga ustamalar mindi. Ayrim sotuvchilar esa narx oshadi deb, savdoni to‘xtatdi.

Bizda koronavirus emas, vahima virus boshlandi.

Deylik, oziq-ovqat yetishmovchiligi kuzatilsayu qo‘shningiz osh-nonsiz o‘tirsa, siz uyingizda bolalaringiz bilan xotirjam o‘tirib ovqatlana olasizmi, tomog‘ingizdan o‘tadimi? Shu savolga qanday javob bersangiz, shunga qarab harakatingizni qilavering.

Bu ham bir sinov, sinov esa kimning kimligini yaqqol ko‘rsatib berishi barchamizga ma’lum.

G‘olib Hasanov.