Farg‘onada tanasidan 16 dona igna topilgan bola taqdiri nima bo‘ldi?..
2018 yilda Farg‘ona viloyati, Toshloq tumanidan bo‘lgan 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilgan edi.
Bir necha jarrohlik amaliyoti bilan uning hayoti saqlab qolindi va bugungi kunda u mustaqil harakatlana boshladi, deb yozmoqda O‘zA.
– Bugun, 11 fevral farzandimiz Azizbekning tug‘ilgan kuni, u uch yoshga to‘ldi, – deydi dadasi Azimjon Xudayberdiyev. – O‘g‘limizning hayoti uchun kurashgan shifokorlardan juda ham minnatdormiz. Injiqliklari kamaydi, yurishga harakat qilyapti. O‘g‘limning tanasida igna borligini Rossiyada eshitdim. Shu kuni Toshkentga kelib, operatsiyada yonida bo‘ldim.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida malakali shifokorlar tomonidan chaqaloq Azizbek Abdumajidov operatsiya qilindi va tanasidan 13 ta igna chiqarib olindi. Ayni paytda bola tanasida 3 ta igna uning hayotiga xavf solmaydigan joylarda turibdi. Tibbiy tahlillarga ko‘ra, hozircha ushbu ignalarning bola sog‘lig‘iga salbiy ta’siri yo‘q. Agar u bolani bezovta qilsa, kelgusida operatsiya yo‘li bilan olib tashlash mumkin.
Shuncha igna uning tanasiga qanday kirib qolgan? Bu borada ham turli bahslar bor. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilib, bu qasddan qilinmaganligi, jinoyat alomati topilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Ehtiyotsizlik oqibatida ignalarni chaqaloqning o‘zi yutgan. Bu borada ota-onasining fikrini bilmoqchi bo‘lganimizda bu boradagi aniq biror narsa aytolmasligini bildirdi.
Ayni kunlarda bolaning sog‘ligini shifokorlar nazorat qilib bormoqda. Onasi Shohsanam doimo u bilan birga, Azizbekning quvonchini ko‘rib, boshdan kechirgan tashvishli kunlari ortda qolganiga shukronalar aytadi.