Farhod shaharchasi qishga tayyormi?
Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarining borishi bilan tanishish maqsadida Farhod shaharchasida bo‘ldik.
Shaharchada 33 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, barchasi 2018-2019 yillarda “Obod mahalla” davlat dasturi asosida ta’mirlangan ekan. Ammo haligacha qurilish korxonalari tomonidan ayrim uylarni ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmaganiga guvoh bo‘ldik.
Xususan, “Kapital delta servis” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli ikki qavatli 3-, 7-, 8-, 11-uylarda bir xil muammo kuzatildi, ya’ni sifatsiz ta’mirlangani bois, fasad qismidagi suvoqlar qo‘porilgan. Bizga ma’lum qilishlaricha, bu uylarni “Samarqand garnet stroy montaj” MChJ amalga oshirgan.
– Shirkatda yaqinda ish boshladim, hali quruvchilar ishini qabul qilib olganim yo‘q, - deydi “Kapital delta servis” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Rustam Ergashev. - “Samarqand uy-joy ta’mir” DUK tomonidan hududdagi to‘rt qavatli 30-, 31-uylarning old qismida beton qoplamalar yotqizish, sovuq suv va oqova suv quvurlarini almashtirish, yerto‘la va xonadonlarga kirish yo‘laklarini ta’mirlash oxiriga yetkazilmadi. Buning sababini so‘rasam, quruvchilar “ajratilgan mablag‘ bu ishlarni amalga oshirish uchun yetmadi”, deb aytishdi.
Bunyod mahallasidamiz.
- 60-uy “Samarqand uy-joy ta’mir” DUK tomonidan ta’mirlandi, - deydi “Bunyod zamin” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Sobir Ochilov. - Asosiy muammo uylarning irrigatsiya tizimini yangilash yakunlanmasdan qolganida. Shuningdek, yerto‘la qismi oqlanmadi, elektr shitlari, yo‘laklar ta’mirlanmadi va kirish eshiklari zamonaviysiga almashtirilmadi. Tom qismidagi mo‘rikonlar ichkarida qolib ketdi. Bundan tashqari, “Shuhrat” xususiy korxonasi tomonidan 57-, 58-, 59-, 61-uylarning irrigatsiya tizimi chala holatda qoldi va uy oldiga beton qoplamasi to‘liq yotqizilmadi. Ikkala qurilish korxonasiga 990 million so‘m berilgan bo‘lsa-da, mablag‘ yetmadi deya ishlar yakunlanmadi. Shu sababli uylarni hali qabul qilib olmadik.
Shirin mahallasida ham yuqoridagi singari bir qator muammolarga duch keldik.
- Ikki qavat, 24 xonadonli 1“A”, 3 “A”-uylar hamda to‘rt qavat, 48 xonadonli 2“A”-uylar “Samarqand uy-joy ta’mir” DUK tomonidan ta’mirlandi, - deya gapida davom etdi shirkat raisi S.Ochilov. – Smetada bu uylarning ta’miri uchun 1 milliard 180 million so‘m ko‘rsatilgan bo‘lib, shundan 440 million so‘m “Samarqand uy-joy ta’mir” DUKga berildi. Ajratilgan mablag‘ yetmagani sababli korxona tomonidan qo‘shimcha 260 million so‘m sarflandi. Ammo qurilish korxonasiga mablag‘ o‘tkazib berilmagach, 1 “A”- uyning oqova tizimi yangilanmasdan qoldi. Bolalar maydonchasi qurilmadi, uy oldiga o‘rindiqlar o‘rnatilmadi. 1“A” va 3 “A”-uylar sifatsiz ta’mirlangani bois, devorlari nurab ketgan.
Shuncha mablag‘ sarflanib, ta’mirlangan uylar ikki yilga yetmay achinarli ahvolga kelib qolgan. Ta’mirlangan 1“A”-uyning oqova tizimi yangilanmagani bois, yerto‘la suv bilan to‘lib, antisanitariya holatida turibdi. Yerto‘ladan chiqayotgan badbo‘y hid tufayli aholi yerto‘laga kirish eshigini devor bilan yopishga majbur bo‘lgan. Aholining aytishicha, o‘zlari pul yig‘ib, uch-to‘rt marotaba maxsus mashinada suvni chiqarishgan. Aslida ko‘p-qavatli uylarda bu ishlarni shirkat bajarishi kerak, ammo shu hududda yashovchi aholi negadir shirkatga a’zo bo‘lishni xohlamayapti.
Yana bir gap. Aholi Shirin mahallasi raisi Otabek Yo‘ldoshev faoliyatidan ham noroziligini bildirdi.
– Mahallamiz raisi bu hududga kelib, muammolar bilan qiziqmaydi, - deydi shu yerda yashovchi Gulsanam Ahmedova. – Ikkinchi guruh nogironiman, aqalli dardimizni so‘ramaydi, rais nima uchun kerak unda? Bu kabi masalalarni u kishi hal qilib berishi kerak emasmi?
Farhod shaharchasida mana 20 yil bo‘libdiki issiqlik manbai va issiq suv yo‘q. Aholi xonadonini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan isitishga majbur bo‘lmoqda. Uylarga alohida isitish qurilmalari o‘rnatilishi haqida reja ham, loyiha ham yo‘q.
Xullas, Farhoddagi uylarning qishga tayyorgarligi mana shunday holatda. Bu muammolar sovuq kunlargacha yechim topadimi yoki aholi yana qishda issiq kunlarni kutib yashaydimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Husan ELTOYeV,
Fazliddin RO‘ZIBOYeV,
«Zarafshon» muxbirlari.