Farhod shaharchasidagi zavoddan chiqayotgan zararli tutun bartaraf etildi
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahar Farhod shaharchasining “Bunyod” mahallasi hududiga yaqin joyda joylashgan “FARXOD SHIFER” MChJ sement ishlab chiqarish zavodidan chiqayotgan tutun shu zavod atrofida yashovchi aholi salomatligiga jiddiy ta’sir yetkazayotganligi to‘g‘risida xabar tarqaldi.
Mazkur holat viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan joyiga borib o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, sement ishlab chiqarish zavodi Xitoy texnologiyasi asosida qurilgan bo‘lib, 2013 yilda Vazirlar Mahkamasining 305-sonli yig‘ilish qaroriga asosan faoliyat yuritib kelmoqda.
Mazkur zavoddagi ishlab chiqarish liniyalaridan atrof-muhitga chiqadigan chang va boshqa zararli moddalar tarqalishining oldini olish maqsadida hozirda 3865 ta qo‘lda bajariladigan filtrlar ko‘rikdan o‘tkazilib, 12 749 ming AQSh dollari miqdoridagi 1159 ta filtrlar yangisiga almashtirilgan.
Biroq, shunday bo‘lsa-da, elektr energiyasi ta’minotidagi ogohlantirishsiz uzilishlar yuz berishi jarayonida bir tarmoqdan ikkinchi tarmoqqa ulanishi oralig‘idagi qisqa fursatda avtomat tarzda atmosfera havosiga suv bug‘i va chang ko‘rinishida tashlanishi kuzatilgan.
Holat tezda bartaraf etildi va mutaxassislar tomonidan atrof-muhitga ekologik ta’sirni yanada kamaytirish choralarini ko‘rish lozimligi xususida ko‘rsatma berildi.