Favqulodda holat uchun “oflayn” o‘qitildi
Bugun koronavirus pandemiyasi, ekologik, tabiiy va texnogen muammolar odamlar orasida bevosita ijtimoiy masofa saqlanishini taqozo qilmoqda. Ular axborot telekommunikatsiya sohasidagi jiddiy o‘zgarishlar, xususan, axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishiga olib kelmoqda. Ta’lim, fan, iqtisodiyot va ishlab chiqarishning turli jabhalariga, qolaversa, jamiyatning barcha sohalarida yangi axborot telekommunikatsiya vositalarini joriy qilish bugungi kunning asosiy talablaridan biri bo‘lib qoldi.
Shu bois o‘zaro ma’lum bir masofada internet texnologiya yoki boshqa interaktiv usullar va barcha o‘quv jarayonlari komponentlari - maqsad, mazmun, metod, tashkiliy shakllar va o‘qitish usullariga asoslangan ta’lim oluvchi va o‘qituvchi o‘rtasidagi munosabat, masofaviy o‘qitish tizimi shakllanmoqda.
Tabiiyki, bu jarayonda turli axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalaniladi. Masalan, an’anaviy bosma usuliga asoslangan o‘qitish vositalari (o‘quv qo‘llanma, darsliklar) talabalarni yangi material bilan tanishtirishga asoslansa, interaktiv audio va video konferensiyalar ma’lum vaqt orasida o‘zaro muloqotda bo‘lishga, elektron pochta to‘g‘ri va teskari aloqa o‘rnatishga, ya’ni xabarlarni jo‘natish va qabul qilishga mo‘ljallangan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazida ham 2020 yilning 27 aprelidan 23 mayga qadar vazirlikning hududiy boshqarmalaridagi 184 nafar harbiy xizmatchi va xizmatchilari “Oflayn” tarzda telegram kanali orqali masofali o‘qitildi. Bunda tinglovchilarga markaz o‘qituvchilari tomonidan 144 soatlik o‘quv dasturlari asosida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Hozirgi kunda markazda ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Nodir QODIROV,
markaz aloqa, xabar berish va informatsion texnologiyalar bo‘linmasi boshlig‘i.