Fermerlar yetishtirgan g‘alla hosildorligiga qarab, ularga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo‘llaniladi

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi "Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga asosan 2019 yildan g‘allakor fermerlar yetishtirgan boshoqli don hosildorligiga qarab, ularga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo‘llaniladi.

Bunda hosildorlik gektaridan 41 dan 50 sentnergacha bo‘lganda 10 foiz (120 ming), 51 dan 60 gacha bo‘lganda 20 foiz (240 ming), 61 va undan yuqori bo‘lganda 25 foiz (300 ming so‘m) miqdorida ustama, aksincha, hosildorlik 30 sentner va undan kam bo‘lsa 25 foiz (300 ming so‘m), 31 dan 40 sentnergacha bo‘lganida – 15 foiz (180 ming so‘m) chegirma bilan hisob-kitob qilinadi.

Qarorga ko‘ra, boshoqli don yetishtirish va uni o‘rib-yig‘ib olish bilan bog‘liq agrotexnika yumushlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, moliyaviy va moddiy-texnika resurslarini to‘liq va o‘z vaqtida yetkazib berish va yakuniy hisob-kitoblar 2019 yil 1 sentyabrga qadar to‘liq amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Buning uchun viloyatimizdagi 9,5 mingdan ortiq g‘alla yetishtiruvchi fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 374,1 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratiladi.

Hozirda viloyatimizning sug‘oriladigan yerlaridagi g‘alla maydonlari to‘liq tuplash fazasiga kirgan, aksariyat qismining har gektariga 3-5 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarilgan. Ammo rivojdan ortda qolayotgan g‘alla maydonlari ham yo‘q emas. Keyingi kunlarda 577 fermer xo‘jaligidagi 7411 gektar ana shunday g‘alla maydoni holati yaxshilandi.

Qaror ijrosi yuzasidan nazorat tadbirlari ham o‘tkazilmoqda. Unda ayrim fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘alla parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarni vaqtida amalga oshirmaganligi aniqlanib, ularga nisbatan tegishli qonuniy choralar qo‘llanilmoqda. Jumladan, 3 ta tuman hokimining qarorini qonunga muvofiqlashtirish yuzasidan protest, 4 ta taqdimnoma kiritildi. 135 nafar mas’ul shaxs rasman ogohlantirilib, 80 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atildi.

Ko‘rilayotgan tadbirlar, ta’sir choralaridan maqsad fermerlarga har gektar yerdan 40 sentnerdan kam g‘alla hosili olish yerga nisbatan xiyonat ekanini anglatish, aksincha 2019 yilda mo‘l hosil olib, omborlarimizni donga to‘ldirish ham o‘ziga, ham davlatimizga katta naf ekanini bildirishdan iborat.

Muxtor RUSTAMOV,

Bosh prokuratura huzuridagi agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori.