Finlandiyada o‘zini o‘zi energiya bilan ta’minlaydigan uylar qurilyapti
Biz esa borini uzluksiz energiya bilan ta’minlay olmayapmiz. Ularda allaqachon o‘ziga tok ishlab chiqaradigan ko‘p qavatli talabalar uyi foydalanishga topshirilgan.
Xorijiy davlatlarda aholini uzluksiz elektr bilan ta’minlashda muqobil variantlar qo‘llanayotganini avval ham yozgandik.
Bu masalada hatto qoraqalpog‘istonliklar ham bizga master-klass o‘tgani haqida ham xabar berilgan.
Finlandiyaning Yarvenpya shahrida qurilayotgan uylar mutlaqo zamonaviy yondashuvlarga asoslanyapti. Bu uylar quyosh, shamol va yer yuzidagi issiqlik yordamida o‘zini energiya bilan to‘liq ta’minlaydi. O‘zi qancha iste’mol qilsa, shuncha energiya ishlab chiqaradigan uylar nol yoki faol deb ataladi. Chunki boshqa manbalardan olinadigan energiya nolga teng bo‘ladi.
Faol uylar qurilishida yangi qurilish materiallari, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy-tadqiqot ishlari yordam beradi. Bunday uylarda texnik yechimlar tufayli energiya iste’moli kamayadi: uy yuqori issiqlik izolyasiyasi bilan zich qurilganligi, kuchli shamollatish tizimi o‘rnatilganligi, chiqindilarni qayta ishlab issiqlik olish tizimi ulanganligi shular jumlasidan.
P/s: Biz simdan kelayotgan elektrga qaramlikdan qachon qutulamiz? Bu haqda kimdir o‘ylab ko‘radigan vaqt kelmadimi?