Fransiyada minglab odamlar namoyishga chiqdi

Fransiyadagi norozilik namoyishlarida 107 mingga yaqin odam qatnashdi, ulardan 13 mingga yaqini Parijda yurish qildi. Talablardan biri - davom etayotgan inflyasiya sharoitida maoshlarni oshirish, deb xabar bermoqda Fransiya OAVlari mamlakat ichki ishlar vazirligiga tayanib.

Fransiya ichki ishlar vazirligi politsiya 15 nafar namoyishchini hibsga olganini bildirdi. Namoyishchilar bilan to‘qnashuv chog‘ida to‘qqiz nafar politsiyachi tan jarohati oldi.

Ommaviy namoyishlarning aksariyati tinch o‘tgan bo‘lsa-da, Parijdagi namoyishchilar guruhlari markaziy ko‘chalarda do‘kon oynalarini sindirib, tartibsizliklar uyushtirgan.

Kecha Fransiyaning boshqa shaharlarida ham minglab aksiyalar o‘tkazilgan. Fransuz temir yo‘l kompaniyasi bugun, 19 oktyabr kuni xodimlarining ish tashlashi va poyezdlarning sezilarli uzilishlar bilan harakatlanishidan keyin normal faoliyatga qaytishga va’da berdi.

Avvalroq Fransiyaning bir qancha kasaba uyushmalari ish tashlashga chaqirgan edi. Unda, xususan, energetiklar, transport xodimlari, o‘qituvchilar, xususiy sektor xodimlari ishtirok etmoqda. Namoyishchilarning talablaridan biri - davom etayotgan inflyasiya sharoitida maoshlarni oshirish.