Futbol, U-17 Osiyo kubogi: Yoshlarimiz Shimoliy koreyalik futbolchilarga qarshi maydonga tushadi

Bugun Saudiya Arabistonida davom etayotgan U-17 Osiyo kubogining yarim final uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston U-17 terma jamoasi KXDRga qarshi bahs olib boradi.

Raqibimiz bu bosqichga qadar yaxshi o‘yin namoyish etdi, - deydi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov. - KXDR yuksak jismoniy tayyorgarlikka ega jamoa. Ushbu jamoaning turnirdagi o‘yinlarini tahlil qilganimizda, 90 daqiqa davomida tinimsiz pressingda ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Bir qancha taktik xatolar ham kuzatilgan, biroq ularga qarshi oson o‘yin bo‘lmasligi aniq. O‘z imkoniyatlarimizdan foydalanib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

- Bugun KXDR jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazamiz, - deydi jamoa futbolchisi Sadriddin Hasanov. - Uchrashuvga 100 foiz tayyormiz. Nasib qilsa, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz yo‘lida hech bir jamoa to‘siqinlik qila olmaydi. Murabbiylarimiz ko‘rsatmasi bilan har bir uchrashuvda borimizni beramiz va o‘zimizga yuklatilgan vazifalarni mukammal tarzda bajarishga harakat qilamiz.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:15 da Toif shahridagi «Qirol Fahd» stadionida start oladi. O‘yin "Sport" telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya qilinadi.