FVV Oqdaryodagi buyum bozorida ro‘y bergan yong‘in yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi buyum bozorida ro‘y bergan yong‘in yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 12 noyabr kuni Oqdaryo tumani Loyish shaharchasi Amir Temur ko‘chasidagi «Oqdaryo savdo kompleksi»da sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirishga jalb etilgan kuch va vositalarning harakatlaridan yong‘indan zarar ko‘rgan do‘kon egalarining noroziligi to‘g‘risida ma’lum qilingan.
«Ma’lumotda qayd etilgan holat bo‘yicha 12 noyabr kuni soat 18:42 da Oqdaryo tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi dispetcherlik xizmatiga tumanning Loyish shaharchasi Amir Temur ko‘chasidagi “Oqdaryo savdo kompleksi”da yong‘in ro‘y berganligi to‘g‘risida kompleks qorovuli fuqaro Sh.I. tomonidan xabar berilib, 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yong‘in joyiga soat 18:49 da yetib borgan», deyiladi xabarda.
Shuningdek, yong‘inni o‘chirishga Samarqand shahridan qo‘shimcha ravishda 2 ta, Ishtixon tumanidan 1 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari jalb etilib, yong‘in soat 19:00 da o‘rab olingan, soat 20:10 da esa to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘inni bartaraf etishga qaratilgan tezkor tadbirlar to‘liq olib borilgan bo‘lsa-da, savdo kompleksidagi jami 10 ta (56—61, 27—29 va 31-) savdo do‘konining jami 180 metr kvadrat maydoni zarar ko‘rgan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, savdo kompleksi 2017 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, yong‘in xavfsizligi qoidalariga umuman rioya qilinmaganligi bo‘yicha bozor ma’muriyatiga muntazam ravishda taqdimnoma va tavsiyanomalar kiritilgan.
Shuningdek, 2020 yilning iyun va oktyabr oylarida mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan profilaktik ko‘riklar davomida savdo kompleksida yong‘in xavfsizligi sohasidagi me’yor va qoidalarning buzilishi bilan bog‘liq holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qayd etilgan kamchiliklar mas’ullar tomonidan bartaraf etilmaganligi ham yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lib, yong‘inni bartaraf etishga salbiy ta’sir ko‘rsatgani aytilgan.