G20 davlatlari rahbarlari COVID-19 ga qarshi vaksinalarni adolatli taqsimlash majburiyatini oldi

“Yigirmatalik guruhi” (G20) davlatlari rahbarlari yakshanba kuni yakuniga yetgan sammitda imzolangan Ar-Riyod deklaratsiyasiga ko‘ra, rivojlanmagan davlatlar vaksinatsiya jarayonidan qolib ketmasliklari uchun dunyo bo‘ylab COVID-19 ga qarshi vaksinalar, dori-vositalari va test tahlillarining adolatli taqsimlanishini amalga oshirish, targ‘ibot ishlarida ko‘mak berish majburiyatini oldi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.

“Biz COVID-19 ga qarshi xavfsiz va samarali diagnostika, muolajalar va vaksinalarni tadqiq qilish, rivojlantirish, ishlab chiqarish va tarqatishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida global sog‘liqni saqlash tizimining dolzarb moliyaviy ehtiyojlarini qondirish uchun mablag‘ joriy etdik. G20 tamoyillariga binoan innovatsiyalarni rag‘batlantirish, barcha insonlarning arzon va teng huquqli foydalanishini ta’minlash yo‘lida bor kuchimizni ayamaymiz”, deya ta’kidlashdi G20 rahbarlari ikki kunlik sammit yakuni natijalariga ko‘ra qabul qilingan deklaratsiyada. Koronavirus pandemiyasi tufayli sammit ikkinchi marta virtual formatda o‘tkazildi.

G20 sammiti 22 noyabr kuni Ar-Riyod deklaratsiyasini qabul qilish bilan o‘z yakuniga yetdi. Shundan so‘ng Saudiya Arabistoni “yigirmatalikka” raislik qilish huquqini Italiyaga topshirdi.

1999 yildan buyon “yigirmatalik guruhi” iqtisodiy jihatdan rivojlangan va rivojlanayotgan eng yirik mamlakatlarning norasmiy birlashmasi bo‘lib, unga 19 ta davlat (Avstraliya, Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Turkiya, Fransiya, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya va Yaponiya) va Yevropa Ittifoqi a’zo hisoblanadi.