G7 davlatlari TIV rahbarlari Navalniyning zaharlangani tasdiqlanganini ma’lum qildi
G7 davlatlari shoshilinch ravishda Rossiyani Aleksey Navalniyning zaharlanishida aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlab berishga va ularni javobgarlikka tortishga chaqirmoqda, deyilgan G7 davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining 8 sentyabr kuni Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotida.
“Biz, G7 davlatlarining Tashqi ishlar vazirlari Rossiyani ushbu ko‘zga tashlanuvchi zaharlanish hujumi uchun kim javobgar ekanini zudlik bilan va to‘liq aniqlab berishga, shuningdek, Rossiyaning kimyoviy qurollar to‘g‘risidagi konvensiya oldidagi majburiyatlarini yodda tutgan holda, aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqiramiz”, deyilgan bayonotda.
Yetti davlat Tashqi ishlar vazirlari, Navalniyning “tasdiqlangan zaharlanishini” maksimal darajadagi atamalar bilan tanqid qilishdi.
Hujjatga imzo qo‘ygan siyosatchilar vaziyatni “Rossiyada demokratiya va siyosiy xilma-xillikka jiddiy zarba”, deb atadi.
“Biz, janob Navalniyning dahshatli zaharlanishi bo‘yicha xalqaro chaqiriqlarga Rossiya qanday javob qaytarishini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz”, deya qo‘shimcha qilingan bayonotda.
9 sentyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi G7 davlatlari tomonidan yuborilgan murojatnomaga javob qaytardi. Vazirlik Moskva hali ham Navalniy masalasida Berlinga yuborilgan so‘rovnomaga javob olmaganini, shu sababli Rossiya tomon “zaruriy mexanizmlarni ishga tushira olmayotganini” alohida ta’kidladi.