G‘allaning o‘rniga nima ekdingiz?
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, bir qator vazirlik va mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat respublika ishchi guruhi viloyatimizda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish ishlarini o‘rgandi.
Jumladan, ishchi guruh a’zolari Samarqand tumanida g‘alladan bo‘shagan maydonlarni shudgorlash va fermerlar hamda aholi tomonidan takroriy ekin ekish jarayonlari bilan tanishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda tumandagi 632 fermer xo‘jaligining 274 tasida 3340 gektar maydonda g‘alla yetishtirilgan. Ayni paytda boshoqli don hosili o‘rib-yig‘ib olingan yerlarni somondan tozalash, peshma-pesh shudgorlash va ekin ekish uchun tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
– G‘alladan bo‘shagan yerlarning 2884 gektariga takroriy ekin ekish rejalashtirilgan, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Samarqand tumani kengashi raisi Usmon Xurramov. – Jumladan, Bu maydonlarning katta qismiga kartoshka va boshqa sabzavot ekinlari, 141 gektarga dukkakli ekinlar ekish rejalashtirilgan va bu ishlar hozirda davom etmoqda. Takroriy ekinlarni ekish uchun kerakli miqdorda urug‘lik, mineral o‘g‘it va yonilg‘i-moylash materiallari zaxirasi yaratilgan.
Tumandagi 1247 xonadon egalari g‘alladan bo‘shagan yerlarda takroriy ekin ekish uchun fermerlardan yer so‘ragan va ularga tegishli tartibda 457 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Shuningdek, kam ta’minlangan, ehtiyojmand 112 oilaga dehqonchilik qilib, daromad olishi uchun 361 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.
– Bu yil 3,2 gektar maydonda g‘alla yetishtirib, 44 sentnerdan hosil oldik, – deydi Samarqand tumanidagi “Jahongir Barnoyev” fermer xo‘jaligi boshlig‘i J.Barnoyev. – Hozirda g‘alladan bo‘shagan 1 gektar yerga karam, 1,5 gektariga bodring ekdik. Qolgan yerlar kartoshka ekish uchun tayyorlab qo‘yildi.
Ishchi guruh Toyloq tumanida ham takroriy ekinlar ekish ishlari yaxshi tashkil etilganiga guvoh bo‘ldi. Bugungi kunda tumandagi 5275 gektar yerdagi boshoqli don yig‘ishtirib olinib, somondan tozalash va shudgorlash ishlari olib borilmoqda. Bu maydonlarning 60 foizga yaqini kartoshka va dukkakli ekinlar ekishga hozirlanib, yerga urug‘ qadashga kirishilgan.
O‘rganishlar jarayonida ayrim hududlarda takroriy ekin ekish ishlariga kirishilmagani va bu jarayonda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlanib, mutasaddilarga zarur taklif va tavsiyalar berildi.
B.Xonkeldiyev,
B.Mustanov.