G‘aroyib soliqlar
#O‘qing_qiziq!
Tarixda soliq solishning o‘ta g‘ayrioddiy va g‘aroyib usullari bo‘lgan. Aholidan pul yig‘ib olish uchun davlatlar qanday soliqlarni o‘ylab topmagan ekan? Masalan, bir vaqtlar “farzandsizlik solig‘i” keng tarqalgan. Uni uylanmagan va farzandsiz er-xotinlar to‘lab borgan. Gvineya Respublikasi aholisidan hozir ham tinchlik solig‘i undiriladi.
Soya solig‘i
Hatto nomoddiy ob’yektlar ham soliqqa tortiladi. Bunga 1993 yilda soya solig‘ini joriy qilgan Venetsiya misol bo‘la oladi. Bu qoidaga ko‘ra, chodirlari va soyabonlarining soyasi yerga tushadigan barcha muassasalar soliq to‘lashi shart. Hukumat soyadan qutulish juda qiyin ekanligini tushunib oldi, shu sabab ushbu to‘lovlar muntazam ravishda shahar xazinasini to‘ldirib turadi.
Soqol solig‘i
Bu soliq bizga tarixdan yaxshi ma’lum. Pyotr I uni 1689 yilda joriy qilgan. Soliqlarning bir necha turi bor bo‘lib, uni boyarlar, savdogarlar va dehqonlar to‘lab borar edi. Masalan, dehqon faqat o‘z qishlog‘ida soqol bilan tekin yurishi, shaharga kirayotganida 1 tanga to‘lab kirishi mumkin edi. Bechorahol soqolli erkaklar davlat oldidagi qarzlari uchun hatto surgun qilingan.
Hayot solig‘i
Bir paytlar ingliz hukmdorlari odamlar faqat bu dunyoda yashagani uchun pul to‘lashi kerak, degan qarorga kelishdi. Hayot solig‘i shu tarzda vujudga keldi va XIV asrda Angliya aholisi ushbu qonunga muvofiq soliq to‘lay boshladi. Natijada mamlakatda “Dehqonlar qo‘zg‘oloni” nomini olgan katta qo‘zg‘olon yuz berdi.
Tuz solig‘i
Tarixda ushbu soliq katta voqealar sodir bo‘lishiga sababchi bo‘lganligi haqida aytilgan. Tuz solig‘i Xitoy imperiyasining pasayishiga, Fransiya inqilobining rivojlanishini sezilarli darajada tezlashishiga olib keldi. Hindistonda bu soliq hatto Mahatma Gandi qatnashgan ommaviy namoyishlarga sabab bo‘ldi. Axir hindlarning g‘azabini keltirib, Angliya soliq stavkasini 4000 foiz qilib belgilagan edi. Bu esa mamlakat xazinasidagi barcha daromadlarning 5 foizini tashkil qilar edi.
Soat solig‘i
Yana bir qiziq soliq 1797 yilda inglizlar tomonidan joriy qilingan. Bu safar davlat xazinasi soat egalari tomonidan to‘ldirildi. Qonun atigi 1 yil amal qildi, aynan shu davr davomida har bir soat egasi mamlakatga 5 shillingdan to‘lagan.
Velosiped haydash solig‘i
1910 yilning mart oyida Simbirk shahar dumasi har bir velosiped egasi shahar xazinasiga 50 tiyin to‘lashi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Buning evaziga velosipedchilarga yurish qoidalari batafsil yozilgan buklet tarqatildi. Unga ko‘ra, ularning piyodalar yo‘laklari va bog‘larda, katta guruhlarda to‘planib harakatlanishi taqiqlangan edi. Bundan tashqari, har bir velosiped egasi o‘z transport vositasini davlat raqami bilan jihozlashi majburiy edi.
Ko‘zlar solig‘i
Pyotr I davrida Rossiyada fuqarolar nafaqat soqol uchun, balki ko‘zlari uchun ham soliq to‘lashgan. Soliq XVIII asr boshlarida joriy qilingan bo‘lib, odamlar ko‘z rangiga qarab davlatga majburiy to‘lov, ya’ni qora ko‘zli kishi davlat xazinasiga 3 oltin, kulrang ko‘zli kishi esa 8 tanga to‘lashga majbur edi.
Gips solig‘i
Har yili Alp tog‘laridagi ko‘p sonli chang‘i sportini sevuvchilarning 150 mingdan ortig‘i turli jarohatlar olishi natijasida ularni davolash qiymati milliard shillingdan oshib ketadi. Avstriyadagi klinikalarga moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu soliq joriy qilindi. Endi chang‘ichilar har bir uchib tushgani uchun gips solig‘ini to‘laydi, mablag‘lar esa mahalliy tibbiyot muassasalariga o‘tkazib beriladi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.