“G‘AYRAT” KO‘CHASI QAYERDA?

Ko‘cha nomlari qo‘yilishida nimalarga e’tibor beriladi? Qaysi jihatlar asos qilib olinadi? Kimlar bilan maslahatlashiladi? Shu ko‘cha yoki mahalla ahlining fikri inobatga olinadimi?

Ochig‘i, ko‘chalarni nomlash jarayonidan bexabarligim uchun shu savollar o‘ylantirmoqda. Bu muammoga duch kelganimda shu kabi savollar ko‘pchilikni o‘ylantirayotganiga guvoh bo‘ldim.

Hozir chekka qishloqlargacha ko‘chalar nomlanib, uylarga tartib raqami berilayapti. Urgut tumanidagi Qayroqli qishlog‘i katta qishloq. Aholisi ko‘p, demak, ko‘chalari ham anchagina. Shu qishloqqa yaqinda ko‘chalarga nomlanib, uylarga tartib raqami tarqatildi. Lekin aynan ko‘cha nomlari aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. To‘yda ham, ta’ziyada ham shu masala muhokamada. To‘rt odam yig‘ilsa shu gap. Sababi, ko‘chalarga “G‘ayrat”, “Yoshlik”, “Mirsaid Kulol” kabi nomlar berilganki, nega aynan shu nom degan savolga javob yo‘q.

-  Bir yil ilgari tuman hokimligi ko‘chalarni nomlash bo‘yicha takliflar beringlar, degandi, -  deydi mahalla faollaridan A.Nabiyev. - Har bir ko‘chaga uchtadan nom tavsiya qilib yozib bergandik. Birortasiyam o‘tmabdi. Kimlardir duch kelgan nomlarni qo‘yib beribdi. Hayron bo‘lib turibmiz.

Qishloq aholisining yakdil fikri shunday:

-  Qishlog‘imizda ulug‘ insonlar, davlatga, jamiyatga, qishlog‘imizga katta xizmat qilib o‘tgan insonlar ko‘p. Odamlar o‘sha odamlar yashagan mahallani shu kishilarning nomi bilan atashadi. Masalan, “Obloqul raisning ko‘chasi,” “Asad rais boboning qishlog‘i” kabi.

Qishloqlarimiz ko‘chalariga o‘zimizning atoqli odamlarimizning nomini qo‘yish kerak edi. Bir umr rahbarlik lavozimlarida ishlab qishloqni obod qilgan, shogirdlar yetishtirgan ulug‘ insonlar ko‘p. 40-50 yillar o‘qituvchilik qilib, xalqning e’zoziga erishgan ustoz o‘qituvchilarimiz bor. Ana shularning nomini qo‘yish kerak. Yosh avlodga ham o‘rnak, ham iftixor bo‘ladi. Ko‘cha nomi shu ko‘chada yashovchilar uchun faxr bo‘lishi, qandaydir ahamiyatga ega bo‘lishi lozim!

Xo‘p, kishining nomi ko‘chaga qo‘yilishi uchun falon-falon talablar bor deyishlari mumkin. Unda “G‘ayrat” degani nimani anglatadi? “Yoshlik” degan ko‘chada keksalar yo‘qmi? “Mirsaid Kulol” kim, uning bizning qishloqqa nima aloqasi bor?

Xullas, Urgut tumani Qayroqli qishlog‘i ko‘cha nomlarini mahalla faollari ishtirokida qayta ko‘rib chiqish kerak! Ko‘cha nomi har kun o‘zgarmaydi, shuning uni tavakkaliga nomlab tashlash umuman to‘g‘ri emas.

Sadriddin NABIYeV.