Gaz idorasi xodimiga o‘tkir tig‘li jism bilan og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ijtimoiy tarmoqlarda gaz idorasi xodimiga o‘tkir tig‘li jism bilan og‘ir tan jarohati yetkazilgani oqibatida voqea joyida vafot etganligi haqida xabar tarqaldi.  

Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, shu yil 9 oktyabr kuni taxminan soat 18:00 larda “Sirdaryotumangaz” korxonasi metrologiya bo‘limi boshlig‘i Sh.Q. Sirdaryo tumani, “Do‘stlik” mahallasi, Bodomzor ko‘chasida yashovchi fuqaro K.F.ning yashash xonadoniga gaz iste’moli uchun qarzdorlikni undirish maqsadida kelgan.

Shu jarayonda ular o‘rtasida vujudga kelgan o‘zaro janjal oqibatida dastlab gaz idorasi xodimi Sh.Q. pichoq bilan K.F.ning chap ko‘krak qafasiga bir marotaba urgan, so‘ngra K.F. pichoqni olib qo‘yib Sh.Q.ning turli joylariga bir necha marotaba urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda Sh.Q. voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB tomonidan K.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Tergov harakatlari Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.