Gaz quyish shoxobchasida yuz bergan portlash tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Kecha, 16 yanvar kuni taxminan soat 11:30 larda Jizzax viloyati, Zarbdor tumani, Yangihayot mahallasida joylashgan “Gaz manbai” MChJga qarashli avtomobillarga suyultirilgan gaz (propan) quyish shoxobchasida portlash yuz bergani xabar qilingandi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ma’lumotiga ko‘ra, propan gaz saqlanayotgan sisterna yonida, ushbu MChJda operator bo‘lib ishlagan 40 yoshli Sh.A. temirlarni kesish moslamasi (bolgarka)ni ishlatayotgan vaqtida, chaqnash sodir bo‘lishi oqibatida 2,5 tonna suyultirilgan gaz saqlanayotgan sisterna portlagan.

Oqibatda 40 yoshli Sh.A. hodisa joyida vafot etgan. MChJ direktori 44 yoshli E.I. esa turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi ma’lumotda.