Gazetaga hech qachon majburiy Obuna bo‘lmayman
Keyingi ikki-uch yil ichida mamlakatimizda ijobiy o‘zgarishlar shu qadar tez sodir bo‘lyaptiki, ular bilan birga harakat qilmasang, jamiyatdan uzilib qolishing hech gapmas. Buning uchun esa yurtimiz va jahonda bo‘layotgan yangiliklardan vaqtida xabardor bo‘lish kerak. Bugun, ayniqsa, shaharda yashayotgan yurtdoshlarimiz internetdan doimiy foydalanib, bu borada ancha ilg‘orlab ketdi…
O‘qituvchilar va shifokorlar, umuman, ziyolilar mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘ringa egadirki, ularsiz jamiyat a’zolarini tarbiyalash ham, sog‘lomlashtirish ham mushkul. Ta’lim-tarbiya ilm-ma’rifatsiz yuzaga chiqmaydi. Ilm targ‘iboti esa albatta, birgina ta’lim muassasalari bilan emas, ommaviy axborot vositalari orqali ham amalga oshiriladi.
Respublikamiz vaqtli matbuot nashrlariga obuna masalasi shu vaqtgacha unga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lib kelingani uchun aholi orasida bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Ayrim gazeta va jurnallarga obunaning majburiy tus olishi kishilarning o‘z xohishi bilan o‘zlari istagan nashrlarga obuna bo‘la olmasliklariga olib keldi. Eng yomoni, obuna bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlar bu mavzuni odamlarga to‘g‘ri tushuntirolmadi. Gazeta tarqatuvchilar esa gazetani vaqtida yetkazmagani bois xalqda norozilik paydo bo‘ldi.
O‘tgan asrning 60-70-yillarida turmush darajamiz o‘zimiz istagandek juda yuqori bo‘lmasa-da, otam partiya nashrlaridan tashqari, oilada sog‘lom muhitni ta’minlash uchun "Paxtakor ovozi", "Lenin yo‘li" (hozirgi "Zarafshon") "Fan va turmush", "Sharq yulduzi", "O‘zbekiston madaniyati", "Saodat", "Guliston" kabi gazeta va jurnallarga har yili obuna bo‘lardi. O‘sha yillari texnika bugungiday rivojlanmagan bo‘lsa-da, chekka qishloqlarga ham gazeta yetib kelardi. Gazetani muntazam o‘qib borish kishining ongini va dunyoqarashini oshiribgina qolmay, yozma savodxonligining yuksalishiga ham yordam berishi haqida ko‘p eshitganman.
Men ham oilada mana shunday muhitni shakllantirdim va farzandlarim, nabiralarim bilan "Samarqand universiteti", "Zarafshon", "Samarqand", "Xalq so‘zi", "O‘zbekiston ovozi", "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati", "Boshlang‘ich ta’lim", "Til va adabiyot ta’limi", "O‘zbek tili va adabiyoti", "Oila davrasida", "Shifo-info", "Bilimdon", "Bolajon" kabi bosma nashrlarni muntazam o‘qib boramiz. Ulardan o‘zimiz uchun kerakli ma’lumotlar olib, mamlakatimiz va dunyoda bo‘layotgan yangiliklardan xabardor bo‘lamiz.
Majburiy obunaning taqiqlanishi to‘g‘ri. Ammo bu mamlakatimizda nashr etilayotgan gazeta va jurnallarga obuna bo‘lmaslik kerak degani emas. Axir chekka qishloqlarda yashayotgan odamlar tuman gazetasini, viloyat gazetasini o‘qimasdan turib, viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yuz berayotgan yangiliklardan qanday xabardor bo‘ladi? O‘qituvchi, shifokor, quruvchi, chorvador, dehqon, fermer, iqtisodchi, hisobchi, dizayner, huquqni muhofaza qilish va ichki ishlar xodimlari o‘z mutaxassisliklariga doir gazetani muntazam o‘qib bormasdan o‘z bilimi, malakasi, tajribasini qanday oshiradi? Davrdan, jamiyatdan, hamkasblaridan ortda qolib ketmaydimi? Bolalarimiz-chi, ular kim bo‘lib voyaga yetadi?
Bir o‘ylab ko‘raylik! "Majburiy obuna taqiqlandi, endi bizni gazeta va jurnallarga majburiy obuna qila olmaysiz", deb bong urishdan oldin mazkur nashrlarning madaniy va ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rnini bir mushohada qilib ko‘raylik. Ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari direktorlari, axborot-resurs markazlari, kutubxonalar, shifoxonalar, korxonalar rahbarlarining gazeta o‘qimasligini tasavvur qilish mumkinmi?
Xullas, yurtimizda yuksak ma’naviyatli, ma’rifatli, bilimdon, jamiyat ravnaqi uchun dadil kurashadigan, turmush tashvishlarini to‘g‘ri tanqid va tahlil qila oladigan gazetxon, jurnalxon va kitobxonlar qachon ko‘payadi?
Mardon BOLTAYEV,
SamDU dotsenti.