Germaniyada 5 nafar Tojikiston fuqarosi terrorchilikda gumonlanib hibsga olindi

Germaniyada besh nafar Tojikiston fuqarosi qo‘poruvchilik harakatlariga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanib hibsga olindi, deyilmoqda Germaniya Bosh prokuraturasi matbuot xizmati bergan ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, IShID terrorchilik guruhi (O‘zbekistonda taqiqlangan) a’zolari sifatida gumon qilinayotgan, Tojikiston fuqarolaridan tashkil topgan guruh hibsga olingan. Gumonlanuvchilar Shimoliy Reyn-Vestfaliya maxsus xizmati jangchilari va Dyusseldorf politsiya boshqarmasi xodimlari tomonidan Essen, Noys, Zigen va Xaynsberg okruglarida chorshanba kuni tongda hibsga olingan. Bundan tashqari, ularning yashash joylarida va yana olti ob’yektda tintuv ishlari o‘tkazilgan.

Hibsga olinganlarning 4 nafari, shuningdek, 2019 yil 15 mart sanasidan buyon tergov izolyatorida saqlanayotgan yana bir nafar Tojikiston fuqarosi IShID terrorchilik tashkiloti a’zosi sifatida hamda Germaniyada terrorchilik “yacheyka”sini tashkil etkanlikda ayblanmoqda.