G‘isht zavodlar tuproq o‘g‘irlaydi(mi?)
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspektorlari tomonidan viloyatimizdagi g‘isht zavodlarida monitoring o‘tkazilmoqda.
Payariq tumani Burgut mahallasida joylashgan “Abror Umidjon” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Fidokor mahallasidagi “Ingichka yashil dalasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi nazorat inspektorlari tomonidan monitoring ishlari olib borildi. Tadbirlarda, avvalo tadbirkorlar va ishchilarga eko madaniyatga amal qilish qoidalari targ‘ib qilinib, tadbirkorlar bilan kelishuv shartnomalari imzolandi va ekologik to‘lovlarni vaqtida to‘lash tushuntirildi.
Xo‘sh, nega bu kabi monitoringlar o‘tkazilmoqda?
Chunki keyingi paytlarda noqonuniy g‘isht zavod va sex tashkil etib, qonunlarni chetlab o‘tayotgan, sug‘oriladigan va foydalanishga yaroqli yerlarni kovlash, yerning meliorativ holatining buzulishiga olib kelish holatlari ko‘p uchramoqda. Bundan tashqari, ayrim “uddaburon” tadbirkorlarning mo‘may daromad topish ilinjida yaqin atrofdagi fermer ho‘jaliklari bilan til biriktirib, sug‘oriladigan maydonning hosildor mileorativ qatlamini olib, o‘z hududidagi “jonsiz” hisoblangan tuproq qatlamining o‘rniga to‘shab kelayotgan holatlar ham kuzatilyapti. Shu bois boshqarmaning maxsus ishchi guruhi tashkil qilinib, joylarda yuqorida keltirilgan holatlarning oldini olish borasida amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.