Go‘sht, shakar, yog‘ va kartoshka vaqtincha QQSdan ozod etiladi
Pandemiya davrida aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
O‘zgartishga asosan, 2020 yil 15 oktyabrdan boshlab quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishi kutilmoqda:
- 2021 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasiga shakar va shakar xom ashyosini olib kirish, shuningdek uni realizatsiya qilish aylanmalari;
- 2021 yil 1 iyulgacha O‘zbekiston Respublikasiga kartoshka, o‘simlik yog‘i, go‘sht (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, tovuq go‘shti va boshqalar), hayvonlarni (qoramol va parranda) tirik holda va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek ularni realizatsiya qilish aylanmalari.
«Bu tartiblar chetdan mahsulot olib kirish bilan birga ichki bozorda shu bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarimiz uchun ham qo‘llanishi ko‘zda tutilmoqda. Shu sababli qonun loyihasi matni keyingi o‘qishlarda tahririy jihatdan o‘zgartirildi.
Bu o‘z o‘rnida bozorlarda oshib borayotgan o‘simlik yog‘i, go‘sht va boshqa iste’mol mahsulotlarining narxi pasayib, barqarorlashiga olib kelishi zarur», deb yozdi Kusherbayev telegramdagi kanalida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Loyihani shu hafta so‘nggida kutilayotgan Senat yalpi majlisiga kiritish rejalashtirilgan.
Qonun loyihasi deputatlar K.Ernazarov, M.Qurbonboyev va A.Umirov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.