Grafikdagi o‘zgarishlar sabab Jomboy mahallalaridan chiqindini olib chiqishda kechikish bo‘lgan

Ijtimoiy tarmoqlarda"Toza hudud" davlat unitar korxonasi Jomboy tumani mahallalaridan chiqindilarni olib chiqib ketmayotganligi, ko‘chalarda maishiy chiqindilar to‘planib qolganligi to‘g‘risida xabar joylashtirilgan.

Mazkur holatni o‘rganish maqsadida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda "Toza hudud" DUK xodimlari Kattaqishloq mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Qoraqishloq, Sarichashma, Saroy, Dehqonobod, Zarafshon qishloqlarida bo‘lishdi.

Ayni vaqtda tumanda 38 ta mahalla mavjud bo‘lsa, tuman "Toza hudud" DUK ma’muriyati tomonidan 25 ta mahallaga 13 ta maxsus texnikada xizmat ko‘rsatadi.

Holat yuzasidan hudud ko‘zdan kechirilganda, to‘planib qolgan chiqindixonalar aniqlanmadi. Mahalla fuqarolari bilan suhbat o‘tkazilganda esa sanitar xizmat bo‘yicha e’tirozlarning mavjud emasligi, o‘tgan hafta grafikda o‘zgarishlar sabab kechikishlar bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi.

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.