“Halollik vaksinasi” inson siyratini poklaydi
Islom dinida insonlar uchun halol va harom masalasiga alohida urg‘u berilgan. Halol va harom amallari insonlarning biror narsani iste’mol qilishida, mol (pul) topishida, biror bir ishni bajarishida, insonlar bilan muomalasi, munosabatlarida ham amal qiladi. Demak, insonning butun faoliyatida halol va harom yonma-yon. Qaysi birini tanlash inson vujudidagi imon-e’tiqod, ushbu tushunchalar bilan ifoda etiladigan ma’naviyatiga bog‘liq.
Islom dini insonlarga rizqni faqat halol kasb orqali qo‘lga kiritishga buyuradi. Halollikka Qur’oni karimda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida va shariat ahkomlarida katta ahamiyat berilgan.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Halol kasb talab qilish farzdan keyingi farzdir”. “Ogoh bo‘ling! Tanada bir parcha go‘sht bor, u sog‘lom bo‘lsa, butun tana sog‘lom bo‘ladi. U buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo‘ling! O‘sha narsa qalbdir”. Halollikni ustun qo‘yadigan insonning qalbida imon mujassam bo‘ladi. Imonli odam ma’naviyatli, ma’naviyatli odamning hamma amallari esa halol bo‘ladi.
Bugungi kunda mamlakatimiz rahbarini tashvishga solib kelayotgan, jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan, adolatga putur yetkazayotgan illat – korrupsiya bor joyda halollik bo‘lmaydi. Qalbida imon va halollik tuyg‘usi bo‘lmagan kishi korrupsiya yo‘li bilan manfaat ko‘rishga intiladi.
Aytaylik, katta hajmdagi toza suvga ozgina qora suyuqlikni solsangiz, idishdagi suvning rangi qorayib, xiralashib qoladi. Yoki idishda qora rangli suyuqlik bo‘lsa-yu, unga qancha tiniq suvni quyganingiz bilan tiniqlashmaydi. Katta jamoada bitta buzg‘unchi bo‘lsa, butun jamoaning ruhiyatiga ta’sir qiladi. Jamiyatni sog‘lomlashtirish uchun unda birorta xira narsa qolmasligi kerak.
Xalqaro tahlillarga ko‘ra, korrupsiya jahon iqtisodiyotiga har yili o‘rtacha 2,6 trillion dollar zarar keltirar ekan. Bundan mamlakatimiz iqtisodiyoti ham zarar ko‘rayotganligi sir emas. Korrupsiyaning xavfli jihati iqtisodiy zarar keltirish bilan birga, adolatning qaror topishiga salbiy ta’sir qiladi, odamlarning hayotdan roziligiga putur yetkazadi.
Korrupsiyasiz jamiyatni shakllantirish uchun haromdan hazar qiladigan xalq shakllanishi kerak. Biz badbo‘y hidni sezsak, burunni yopamiz, axlatni ko‘rsak, ko‘zni yumamiz yoki yuzni buramiz. Haromdan, korrupsiyadan ham xuddi shunday hazar qiladigan bo‘lishimiz shart.
Har bir imonli inson halol va harom o‘rtasiga chegara qo‘ya olishi lozim
Inson imonli bo‘lishi uchun halol va harom o‘rtasidagi chegarani bilib, halollik chegarasidan chiqmasdan yashashga harakat qilishi ikki dunyo saodatiga erishish kafolatidir. Sufyon ibn Uyayna aytadi: “Banda toki o‘zi bilan harom o‘rtasida haloldan bo‘lgan bir to‘siq qo‘ymaguncha hamda gunoh va shubhali narsalarni ham tark qilmagunicha imon haqiqatiga erisha olmaydi”.
Jamiyatdagi bu kasallikni davolashning ikkita yo‘li bor: imon-e’tiqod va qonun. Hozirda qonun yo‘li bilan davolash jarayoni davom etmoqda. Ammo imon-e’tiqod yo‘lidan foydalanish biroz sust kechmoqda. Ko‘p hollarda maqsadimiz ro‘zg‘orni boqish uchun pul topishdan iborat bo‘lganligi tufayli nima harom va nima halolligiga e’tibor qilmasdan, kasbim orqali pul topyapmanku, deb o‘ylaymiz.
Shuni ham aytish kerakki, yurtdoshlarimizning ko‘pchiligida hali huquqiy madaniyat shakllangan emas. Chunki ko‘rayapmiz, davlatimiz rahbari ma’lum bir soha yoki hudud rahbarlariga ishonch bildirib, katta huquq va vakolatlar bermoqda. Afsuski, bu ishonchni ayrimlar suiiste’mol qilib, halol va haromning chegarasini buzmoqda. O‘zining shaxsiy manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yib, oxir oqibat jinoyatga qo‘l urmoqda. Albatta, bunday harakat javobsiz qolmayotganligi ham haqiqat. Kuzatishlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, huquqiy madaniyatga erishish va unga qat’iy amal qilish uchun insonning imoni butun bo‘lishi lozim ekan. Imoni butun bo‘lmasa, insonning nafsi g‘oliblik qiladi. Nafs esa egasini haromdan hazar qilmaydigan holatga yetaklab keladi.
Inson halol bo‘lsa aziz va mukarramligicha qoladi
Inson imonli tug‘ilib beimon ketishi, vijdonli tug‘ilib vijdonsiz bo‘lishi, aqlli tug‘ilib ahmoq bo‘lib qolishi, savodsiz tug‘ilib alloma bo‘lib yashashi ham uning o‘ziga, halolligiga bog‘liq. Chunki u o‘ziga befarq bo‘lsa, o‘zining kimligini va kim bo‘lishini bilmasa, imonli tug‘ilib beimon ketishi, vijdonli tug‘ilib vijdonsiz bo‘lishi, aqlli tug‘ilib ahmoq bo‘lib qolishi tabiiy.
Halol inson birovga xiyonat qilmaydi, birovga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, zarur bo‘lib qolsa albatta yordam beradi, birovlarning nohaqdan ko‘nglini qoldirmaydi. Bundaylar albatta, hurmatga sazovor bo‘ladi.
Inson siyrati – imon qo‘rg‘oni
Barcha jonzotlar singari, inson vujudida ham ikkita nafs bor ekan. Biri – moddiy nafs, ikkinchisi – jinsiy nafs.
Aql bilan jahl bir joyda – insonning boshida joylashgan ekan. Ulardan biri ko‘paysa, ikkinchisi kamayadi. Bejiz “Jahl kelsa, aql ketadi”, deb aytishmaydi-da.
Qudratli insonning kuchi o‘zi bilan o‘zi kurashib, jahl kelganda uni odamlarga namoyon qilmasdan, jilovlay oladigan, bartaraf qila oladigan qudratga ega bo‘lishida. Agar inson haddan ziyod jahlli bo‘lsa, aqlli tug‘ilsa-da, ahmoq bo‘lib o‘ladi.
Imon bilan hasad insonning qalbida joylashgan. Qalbida hasad ko‘payib ketgan odam hasadchi bo‘ladi. Tabiiyki, hasad ko‘paygan qalbda imon kamayadi. “Hasadchida imon bo‘lmaydi”, deb bejizga aytilmaydi.
Vijdon inson tanasiga joylashgan bo‘lib, aqlni ham, unga itoat qilishni ham, insonni poklik va adolatga undovchi imonni ham nazorat qilib turadigan unsurdir.
Aql va imonning do‘sti vijdon insonning boshiga va qalbiga suqilib kirgan ma’buda bo‘lib, albatta jahl va hasad ko‘paysa, o‘zini qo‘yarga joy topa olmasdan qolar ekan. Oqibatda jahli ko‘p va hasadgo‘y odamda vijdonga o‘rin qolmaydi. Shu tufayli “Aqlsizda vijdon, vijdonsizda imon bo‘lmaydi”, deb aytilgan.
Ilm insonga nima kerak bo‘lsa, o‘rgatib turadigan va uning yashashini yaxshilash uchun tegishli sharoit yaratadigan, uning mushkulotlarini osnlashtiradigan unsurlardandir. Ilm inson hayoti uchun. Ammo tug‘ilgan paytida inson tanasida bo‘lmaydi. Shu tufayli ilm insondan uzoq bo‘lmagan joyda joylashtirilgan. Ilm kimga kerak bo‘lsa, o‘zi egallab oladi va tanasiga singdiradi. Shu tufayli ularni inson tanasiga asta-sekin joylashtirish lozim. Agar inson chinakam ilmli bo‘lishni istasa, umr bo‘yi o‘qishi lozim.
Inson vujudi – imon qo‘rg‘oni. Unda insonning insonligini nomoyon qiladigan unsurlar ko‘p. Ammo inson ularni aql bilan boshqara olishi, halol bilan haromning o‘rtasidagi chegarani buzmasligi, halol tarafdan qarama-qarshi tarafga o‘tib ketmasligi lozim.
Demak, “halollik vaksinasi” tarkibiga inson qalbidagi imon, boshidagi aql, qalbida joylashgan vijdon hamda ularning birgalikda hamjihatlikda harakati tufayli, yoniga ilmni olib, hasad va jahlni hayday olish qobiliyatining shakllanganligi kiradi.
Farzandlarimizni imon-e’tiqodli, oqibatli, aqlli, ilmli, vijdonli qilib tarbiyalasakkina, halollikka erishadigan “halollik vaksinasi” bilan emlagan bo‘lamiz.
Mamayunus PARDAYeV,
professor.