Hamma ish ochiq va oshkora bo‘lishi kerak
Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi 58-sessiyasida mutasaddilarning hisobotlari “imi-jimi”da o‘tib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Kengash kotibiyati mudiri Sh.Yo‘ldoshev boshqargan sessiya ishida deputatlar har bir masala yuzasidan aniq muammolarni ko‘tarishdi. Ular bo‘yicha rahbarlarning asosli fikrlari so‘raldi.
Yo‘l asfalt bo‘lgach, kavlanyapti, nega?
Viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurovning qayd etishicha, joriy yilda shahar-tumanlarda 143 ta (shundan 31 tasi yildan-yilga o‘tuvchi) ob’yektni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari belgilangan. Ob’yektlarning umumiy qiymati 1 trillion 170 milliard 495,9 million so‘mni tashkil etadi.
Shundan 94 ta ijtimoiy soha ob’yektida viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida 440,7 milliard so‘mlik ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, 40 ta umumta’lim maktabi, 1 ta 480 o‘rinli ijod va ixtisoslashtirilgan maktab, 20 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 10 ta sog‘liqni saqlash ob’yektlari, 7 ta qirg‘oqlarni mustahkamlash, 16 ta shahar va tuman markazlarini obodonlashtirish, qurish-ta’mirlash rejalashtirilgan.
Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun qurilish tashkilotlari 15 ish kunida inson faktori aralashmasdan, tender tanlovlari o‘tkaziladi. Buning uchun viloyatdagi ob’yektlar haqidagi e’lon navbati bilan “Shaffof qurilish” milliy axborot platformasiga joylashtirilmoqda.
- Endi yo‘lni qurishdan avval, suv va kanalizatsiya, tabiiy gaz tarmoqlarini o‘tkazish yoki ta’mirlash masalasi ko‘rib chiqiladi, - dedi A.Shukurov hisobot yuzasidan berilgan savolga javoban. – Umuman, qurilish sohasida ishni tizimli tashkil qilish shaxsan davlatimiz rahbarining nazoratiga olingan.
Qizg‘in muhokamalar davomida qayerda maktab qurish, qaysi birini ta’mirlash vazifasi dasturga qay tartibda kiritilayotganini o‘rganish taklif qilindi.
Daraxt kesishsa, (66) 2393777 ga qo‘ng‘iroq qiling!
Sessiyada hisobot bergan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i A.Raimjonovning aytishicha, chiqindi poligonlarini jihozlash uchun mablag‘ga zarurat tug‘ilmoqda.
- Chunki qurilish-bunyodkorlik ishlari yil sayin kengayib bormoqda, - dedi A.Raimjonov. - Tabiiyki, hosil bo‘layotgan chiqindi hajmi ham ortyapti. Vaholanki, ularni aniq bir joyga to‘plab, qayta ishlash orqali ikkilamchi xomashyoga aylantirish mumkin. Ayni paytda viloyatda 22 ta korxona chiqindilarni saralab, ikkilamchi mahsulotlarni yig‘ib olish bilan shug‘ullanyapti. Agar 3 ta tumanda chiqindi poligonlari qurilib, jihozlanadigan bo‘lsa, ularning soni yanada ortishi tabiiy. Bu o‘z navbatida yangi ish o‘rinlari yaratish, bunyodkorlik sohasida xomashyo tanqisligining oldini olish va tannarxni pasaytirish imkonini beradi.
Boshqarma boshlig‘ining qayd etishicha, bugungi kunda shahar-tumanlardagi ta’lim va tibbiyot muassasalariga 3322 ta konteyner kerak. Ushbu muassasalarda chiqindilarni yig‘ish va belgilangan joyga tashish uchun 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ zarur.
Deputatlar so‘ralgan mablag‘ni mahalliy byudjetdan ajratishni qo‘llab-quvvatlab, mahallalardan chiqindini tashish bo‘yicha xonadonlar bilan individual shartnoma tuzishni tavsiya qildi.
Berilgan savollarga javob qaytararkan, A.Raimjonov ekologiya va atrof-muhit masalasi bilan bog‘liq qonun buzilishlari haqida (66) 2393777 ga qo‘ng‘iroq qilish mumkinligini qayd etdi.
Tibbiy xizmat sifati kafolatlangan
Sessiya ishida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Masala yuzasidan so‘z olgan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov o‘tgan yilda tumanlarda 5 ta oilaviy poliklinika va 6 ta oilaviy shifokorlik punkti faoliyati yo‘lga qo‘yilganini bildirdi. Joriy yilda 4 ta oilaviy poliklinika va 7 ta oilaviy shifokorlik punktlari ish boshlaydi.
Tibbiyot brigadalari 3,7 milliard so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan mobil tibbiyot-diagnostika vositalari - 300 ta kompyuter, 290 ta planshet, 60 ta printer, telekommunikatsiya qurilmalari va tibbiy diagnostika vositalari, oilaviy poliklinikalar zamonaviy UTT va 43 ta EKG apparati bilan ta’minlandi. Viloyat mahalliy byudjetining 1 milliard 350 million so‘m mablag‘i asosida maxsus jihozlangan mobil tibbiy kompleks (avtobus) xarid qilinib, 867 million 313 ming so‘mlik tibbiy asbob-uskuna bilan jihozlangan.
Xo‘raki uzum g‘alladan ko‘ra daromadli
Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i S.Hakimov shu fikrni bildirib, uni aniq faktlar bilan asoslab berdi. Tumanlarda uzumchilikni rivojlantirish borasidagi ishlarni qayd qilgan mutasaddi berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarni sanab o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda viloyatda 6 ta uzumchilik klasteri va 2 ta uzumchilik kooperatsiyasi tashkil etilgan. Bulung‘ur, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Urgut va Qo‘shrabot tumanlari uzumchilikka ixtisoslashtirilib, 2024 yilgacha 18,2 ming gektar yerda klaster, fermer xo‘jaliklari, aholi xonadonlarida yangi tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan.
Deputatlar sohadagi ishlarni e’tirof etgan holda vinochilik turizmi o‘z holiga tashlab qo‘yilganini bildirdi. Shuningdek, tizimda berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarni keng jamoatchilikka yetkazish tizimli emasligi bildirildi.
Qayd etilishicha, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan uzumzorlarga joriy yilda 61,7 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratiladi. Shuningdek, viloyatdagi 173 ta mahallalaridagi 81,1 mingta xonadonlarga 1,6 million dona ko‘chat ekish belgilangan.
Umuman, sessiya davomida joriy yilda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga mo‘ljallangan suv kam bo‘lishi, bu borada zarur choralarni ko‘rish kerakligi aytildi. Qayd etilganidek, ayni paytda suv omborlarida 230 million kubometr suv kamligi tanqislik bo‘lishini bildirdi. Tumanlarda 79 ming gektar suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 90 mingdan oshishi rejalashtirilgan.
Sessiya ishida bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar belgilab olindi.
Deputatlar shuningdek, viloyatda xalq ta’limi tizimini 2022 yilda rivojlantirish hududiy dasturi taqdimoti hamda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalarni muhokama qilib, tegishli qarorlar qabul qilishdi.