Hamshiraning koronavirus infeksiyasiga chalinib, vafot etgan bemorga daxldor murojaati o‘rganildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Koronavirusdan vafot etgan bemorning murdasi 15 soat shifoxonaning ichida turdi” mazmunidagi videomurojaat Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur videomurojaat G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasi xirurgiya bo‘limi (reanimatsiya emas) navbatchi hamshirasi tomonidan tarqatilgan. Bu hamshira reanimatsiya bo‘limiga olib kelinganidan so‘ng koronavirusga chalingani aniqlangan bemorga tibbiy yordam ko‘rsatish va vafotidan keyin uni dafn etish jarayonlariga aralashmagan.
Avval xabar qilinganidek, G‘uzor tumanida yashovchi 64 yoshli S.H. shu yilning 29 iyun kuni ahvoli og‘irlashganligi sababli shifokorga kech murojaat qilgan. G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limiga ikki tomonlama o‘tkir pnevmoniya og‘ir darajasi, yurak va nafas yetishmovchiligi va qandli diabet og‘ir kechishi tashxisi bilan yotqizilgan.
Bemor reanimatsiya bo‘limiga og‘ir ahvolda «Tez tibbiy yordam» mashinasida olib kelingan. U va yaqinlari «Tez tibbiy yordam» shifokoriga Toshkent viloyatiga borib kelishganini aytishmagan. Bemor qandli diabet kasalligi bilan og‘riganligini ma’lum qilganligi sababli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga emas, zudlik bilan reanimatsion muolaja ko‘rsatish maqsadida uni jonlantirish bo‘limiga keltirilgan. Navbatchi shifokor tomonidan infeksionist chaqirtirilgan. Mutaxassislar COVID-19ga gumon qilganligi sababli bemordan surtma olingan va viloyat virusologiya labarotoriyasiga yuborilgan. Bemor darhol izolyasiya qilinib, shifokor va hamshira maxsus himoya kiyimida davolash jarayoniga jalb etilgan.
Mutaxassislar tomonidan standartlar asosida ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor 2020 yil 30 iyun kuni o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. Undan olingan surtma respublika virusologiya laboratoriyasida takroriy COVID-19 tahlilidan o‘tkazilgan va musbat natija aniqlangan.
O‘lim qayd etilganidan so‘ng marhum barcha sanitariya qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda dafn etilgan. U bilan muloqotda bo‘lganlarning barchasi karantin nazoratiga olingan. Karantinga olingan fuqarolardan faqatgina bir nafar shifokor va bir nafar hamshira bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lishgan.
Belgilangan tartiblarga asosan marhumning jasadini dezinfeksiya qilingan holda dafn etish choralari belgilangan. Maxsus virusologik laboratoriya tahlili chiqqunicha (tabiiyki, bu jarayon ma’lum vaqt talab etadi), dezinfeksiya va dafn etish tadbirlari tashkil etilguniga qadar jasad reanimatsiya bo‘limi izolyasiya xonasida saqlab turilgan. Shundan so‘ng marhumning jasadi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari ishtirokida «Tez yordam» maxsus mashinasida olib borilib, dafn etilgan. Marhumni davolashda, jasadni dezinfeksiya qilishda, shifoxonadan olib chiqib, dafn etishda hamshira va shifokorlardan hech kim ishtirok etmagan.
G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli karantindagi tibbiyot xodimlariga 30 iyun kuni jami 45 million so‘mlik tibbiy buyumlar, himoya kiyimlari va dori-darmon vositalari yetkazilgan. Tuman hokimligi tomonidan karantindagi fuqarolarni ovqatlantirish uchun 44,5 million so‘m ajratilmoqda. Karantin hududida barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Karantinda ishlaydigan tibbiyot xodimlariga ish haqiga qo‘shimcha tarzda 6 foizlik rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lab beriladi.