Haqiqiy “Robinzon”lar
Yozuvchi Daniyel Defoning “Robinzon Kruzo” romani dunyodagi eng mashhur va eng ko‘p o‘qiladigan kitoblardan biridir. Roman syujetida bo‘lganidek, hayotda ham kimdir kimsasiz orolga tushib qolib, u yerda hayotining bir necha yilini o‘tkazgan holatlar bo‘lib o‘tgan. Fantastik hikoya hisoblanmagan haqiqiy Robinzonlarning sarguzashtlari ham aqlbovar qilmaydigan darajada hayratlanarli bo‘lgan.
Sayohatchi Deniel Foss kishi qadami yetmagan orolda 5 yil yashadi
XVIII asrning oxirida Foss «Negotsiant» kemasi ekipaj a’zolari bilan shimoliy dengizlar bo‘ylab dengiz hayvonlarini ovlab sayohat qilardi. Kema aysberg bilan to‘qnashganda 21 kishi jon saqlab, qayiqda qochishga muvaffaq bo‘ldi.
Bir yarim oy davomida ular ikki kishi tirik qolgungacha suzishdi. Ko‘p o‘tmay, qayiq qirg‘oqqa tashlandi, u yerda Foss oxirgi o‘rtog‘ini yo‘qotdi.
Orol dengiz mushuklari yashaydigan kichik toshloq yerdan iborat qo‘rqinchli joy edi. Aynan shu hayvonlar go‘shti va yomg‘ir suvi Deniyelning omon qolishiga yordam berdi.
Besh yil o‘tgach, 1809 yilda Foss o‘tib ketayotgan kema tomonidan olib ketildi.
Tom Nil — yolg‘izlikda 16 yil
Ixtiyoriy yolg‘izlik haqida hikoyalar ham mavjud. Yangi Zelandiyada yashovchi Tom Nil qariyb 16 yil davomida «Suvorov marjon oroli»ni o‘z uyiga aylantirdi. U birinchi marta orolga 1952 yilda kelganida tovuqlarni xonakilashtirdi, bog‘ ochdi, baliq, qisqichbaqa, dengiz mollyuskalarini ovlab yedi. U deyarli uch yil davomida orolda shu tarzda yashadi va olgan og‘ir jarohatidan so‘ng uni olib ketishdi.
Biroq bu uning orolga qaytishiga to‘sqinlik qilmadi: Tom 1960 yilda yana uch yarim yilga, 1966 yilda esa o‘n yil yashash uchun o‘z «jannati»ga qaytdi.
Shundan so‘ng Nil yozgan “Men uchun yaralgan orol” kitobi bestseller (bozorgir kitob)ga aylandi.
Jeremi Bibs – orolda 74 yil yashagan Robinzon
1911 yilda halokatga uchragan «Beautiful bliss» (Farog‘atli hayot) kemasida faqat 14 yoshli Jeremi tirik qoldi. Yosh o‘smir sarguzasht romanlarni yaxshi ko‘rib mutolaa qilardi. Qizig‘i, Daniyel Defoning “Robinzon Kruzo” romani uning sevimli kitoblaridan biri edi.
Aynan shu kitobdan u tirik qolishning asosiy ko‘nikmalari - taqvim yuritish, ov qilish va kulbalar qurishni o‘rganib oldi.
Yigit orolda 88 yoshigacha 74 yil orolda yashab, qarishga muvaffaq bo‘ldi. Katta yerga uni faqat 1985 yilda olib ketishdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.