Harbiy xizmatchilar Nurobodning chekka qishlog‘iga bordi
Markaziy harbiy okrugi qo‘mondonligi tashabbusi bilan Nurobod tumanida “Biz ulardan faxrlanamiz” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Dastlab 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabida harbiylar, yoshlar va o‘quvchilar ishtirokida "Armiya yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi garovi" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Milliy armiyamizning tashkil etilishi, bugungi kunda tizimda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlar, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat burchini o‘tayotgan Janubiy operativ yo‘nalish guruhi boshlig‘i Qodirjon Tursunov o‘qigan 63-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tadbir tashkil etilib, unda Sh.Xo‘jaqulov va boshqalar uning yoshligidan tirishqoq, mehnatsevar, bilimga intiluvchan bo‘lganligini ta’kidladilar. Harbiy orkestrlar jamoasining kuy va qo‘shiqlari, harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rsatilgan harbiy chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.