Harbiylar faxriy harbiyni bayram bilan tabrikladi
Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Oybek Saidov Kattaqo‘rg‘on shahar va tuman hokimlari M.Hoshimov va A.Bahromov hamrohligida hududda yashovchi Ikkinchi jahon urush qatnashchilari xonadoniga borib, ularga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Kattaqo‘rg‘on shahri, Zarifobod mahallasida turmush o‘rtog‘i Inna Kotlyar bilan keksalik gashtini surayotgan Aleksey Kotlyar 1926 yilda Rossiyaning Oltoy o‘lkasida tug‘ilgan. O‘n yetti yoshida frotga safarbar etilib, janggohlarda mardlik ko‘rsatdi.
Urushdan keyin Qozon shahar Tank qo‘mondonlik bilim yurtida tahsil olgan Aleksey Kotlyarning hayoti O‘zbekiston bilan bog‘landi. Chirchiqdagi harbiy bilim yurtida faoliyat olib bordi. So‘ngra Kattaqo‘rg‘on garnizonidagi harbiy qismlarda xizmat qildi.
– Shu yurtda baxtimni topdim, insoniy qadr-qimmatga ega bo‘ldim, – deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Aleksey Kotlyar. – Farzandlarim Rossiyada yashaydi, ular bizni olib ketishga harakat qilishdi. Ammo bormadik. Chunki O‘zbekiston bizning Vatanimiz. Shu elning hurmat-e’tiborida, e’zozidamiz. Inson uchun bundan ortiq baxt yo‘q.
Aleksey Kotlyarga Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, pul mukofoti va Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligining qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari — Rahmat Qobilov, Raim Yusupov, Shukur Norov, Rauf Sanaqulovlarning xonadoni ham bugun bayram shukuhiga to‘ldi. Harbiy orkestr, keng jamoatchilik hamrohligida faxriylar xonadoniga tashrif buyurgan mas’ul xodimlar otaxonlarni G‘alabaning 74 yilligi bilan tabriklab, ularga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari taqdim etdi.
– Urush degan so‘z umuman lug‘atlardan o‘chsa ham mayli, – deydi Olmazor mahallasida yashayotgan Rauf bobo Sanaqulov. – Bizni urush qatnashchisi, demay Vatan himoyachisi, deb atasalar ham xursand bo‘lamiz. Ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor, g‘amxo‘rlikdan minnatdormiz. Ilohim, yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin.
A.Isroilov.