Havo sovumoqda: qishloq xo‘jaligida nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Bir-ikki kun havo isib, dov-daraxtlar kurtaklab, gullab qolganiga barchamiz buyog‘iga endi bahor boshlandi, deb o‘ylagan bo‘lsak, ajab emas. Lekin tabiat kutilmagan hodisalarga boy. Har doim ham o‘ylaganimiz amalga oshavermaydi. Erta-indin bahor fasli kirib kelsa-da, hali sovuqlik iliqlikka o‘rnini bo‘shatib bergisi yo‘qday. «O‘zgidromet» markazi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 23-26 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi hududiga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo kirib kelishi prognoz qilingan.

Ob-havodagi bunday o‘zgarish mevali bog‘ va uzumzorlarga, ertaki kartoshka hamda sabzavot ekinlariga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi, albatta. Shular inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘ziga xos tavsiyalar ishlab chiqilib, joylarga yetkazildi. Bu haqda vazirlik tomonidan tashkil etilgan brifingda aytib o‘tildi. Unga binoan, quyidagi tadbirlar zudlik bilan amalga oshirilishi lozim. Xususan, mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish, mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga go‘ng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish, bunda daraxtlarning yoshi, qalin va siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100-200 ta uyum hosil qilish zarur. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bog‘ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qo‘yish hamda havo haroratini kuzatib borish lozim.

Havo ochiq bo‘lib, harorat +1°S ga tushishi bilan uyumlarni tutatish talab etiladi. Bunda uyumlarni alangalatmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish, sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlarni oralatib tutatish darkor. Agar sovuq bo‘lmasa uyumlardan o‘g‘it sifatida foydalanish mumkin.

Ertagi kartoshka nihollari yerdan unib chiqqan bo‘lsa, sharoitga qarab, egat ustini polietilen plyonka bilan yopish yoki yopishning iloji bo‘lmagan maydonlarda xuddi shunday kechki suv qo‘yish uyumlarni tutatish tavsiya etiladi.

Isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrashning muhim usullari ham dugalar o‘rnatish, ustini polietilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish uyumlarni tutatish hisoblanadi.

Pomidor, shirin qalampir, baqlajon kabi issiqsevar sabzavot ekinlari ko‘chatlarini issiqxonada tayyorlashni hamda bodring va poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish kerak.

Sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko‘kat sabzavotlar kabi ekinlarga sovuq -2-3°S sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Vazirlik xabarnomasida yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirish uchun aniq chora-tadbirlar belgilanib, tumanlarda maxsus Shtablar tashkil etish, har bir fermer xo‘jaligi kesimida grafiklar ishlab chiqilib, ushbu masala yuzasidan barcha mutasaddi rahbar, mas’ul xodimlarning shaxsiy javobgarligi va mas’uliyatini oshirishni hamda ishlarni tizimli tashkil etish hamda bajarilgan ishlar to‘g‘risida vazirlikning meva@agro.uz elektron manziliga ma’lumotlar taqdim etib borilishi so‘raladi.

D. ULUG‘MURODOV tayyorladi.