Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari (9-qism)

Toshkentga kelib, Qozog‘istonning Qizil O‘rda shahridagi moxovxona bosh shifokori Aslbek Ismagammetov akaga qo‘ng‘iroq qilib, bemor to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berdim. Bir hafta o‘tar-o‘tmasdan qozog‘istonlik hamkasblarim tashxisni tasdiqlab, bemorni davolash maqsadida statsionarga olib ketishgan ekan.

Bajarilgan ishlarning hisobotini avval Melsga, keyin uni tarjima qilib Germaniyaga jo‘natdim. Ayniqsa, qilingan ishlarni fotosuratlarga olganim juda yaxshi bo‘lgan ekan. Bemorlarning suratlarini ko‘rgan nemis jamoasi tez orada maktub yubordi. “Biz siz bilan ishlayotganimizdan juda xursandmiz. Kelasi yili fevral oyida Hindistonning Haydarobod shahrida xalqaro leprologlarning konferensiyasida uchrashguncha. O‘ylaymizki, Siz albatta o‘z ma’ruzangiz bilan ishtirok etasiz”, deb yakunlagan maktubni doktor Romana Drabik.

Kelasi yili fevral oyigacha Andijonning Ulug‘nor tumanida yana bitta yangi bemor aniqlandi. Bemorni avval viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri shifokorlari ko‘rishgan. Ular aniq xulosaga kelisha olmagach, Andijon tibbiyot instituti professori Shavvoz Ahmedovichga murojaat qilgan. U ko‘p gapirmagan. “Toshkentdan leprolog-shifokorni zudlik bilan chaqiringlar”, deb xonadan chiqib ketgan.

Ertasiga ertalabki reys bilan samolyotda Andijonga uchib bordim. Bemorni chetdagi bir xonaga izolyasiya qilishibdi. Qarang, kasallikning klinik manzarasi uning yuziga yozib qo‘yganday. Hamma belgilari mavjud. Ammo laboratoriya izlanishlarini kim qiladi? Yoppasiga hamma laboratoriya xizmatchilari bosh tortishdi. Bosh tortish boshqa gap, aniqrog‘i, hech kim bilmaydi. Bu ishlarni yana o‘zim bajarishimga to‘g‘ri keldi. Bo‘yalgan tayyor preparatlarda moxovning mikroblari g‘uj-g‘uj bo‘lib yotardi. Sekin professor Shavvoz Ahmedovichni taklif qildim. U shoshilmay mikroskop okulyariga qaradi va ma’qullagan kishi bo‘lib, boshi bilan imo-ishora qildi. Keyin bilsam professor bir yil Qoraqalpog‘istonda internaturani o‘tagan ekan. Hatto bir necha bor moxovxonada bemorlarni ko‘rgan. Ikkita domla konsultatsiyadan keyin birgalikda uning xonasida tushlik qildik.

Ikkinchi bemorda ham klinik tashxis tasdiqlandi. Endi uning kasallik tarixini, muloqotdorlarini, umuman shu paytgacha nimaga aniq tashxis qo‘yilmaganini o‘rganish kerak. Ertasiga ertalab bosh shifokorning davolash ishlari muovini Mo‘minjon bilan Ulug‘norga ketdik.

Ulug‘nor Andijonning eng chet va eng qoloq tumanlaridan bo‘lib, hatto dermatologning o‘zi yo‘q ekan. Bemorning oilasi juda nochor – kambag‘allikdan darvoza, eshik, hatto derazalar ham arang turibdi. Oynasi yo‘q. Romlariga turli xil eski lattalarni o‘rab tashlashgan. Bizni ko‘rib bir pastda ko‘chaga qo‘ni-qo‘shnilar ham yig‘ilib ketdi. Hammasi “nima gap, nima gap?” deb qayta-qayta so‘rashardi. Qayerdan eshitsa-eshitgan patronaj hamshira hamma yoqqa vahima “urug‘ini sepib” bo‘libdi. Bemorning o‘g‘il-qizlari allaqachon jahl otiga mingan. Biz bilan hatto gaplashishni ham xohlashmasdi. Bir amallab Mo‘minjon ikkalamiz ularning onasi bilan til topishdik. Tuman markazidagi do‘kondan sovg‘a-salom olib keldik. Bolalarining oyoqlariga har xil kattalikdagi sandal, tapochka, kalish, paypoq, qo‘yingchi, yog‘, moy, shakar kabi mahsulotlarni xarid qildik. Shu payt sotuvchi xotin begonaga o‘xshaysizlar, bizning mahallamizdan moxov chiqibdi, juda ehtiyot bo‘linglar, deya bizni ogohlantirdi. Biz unga hech narsani sezmaganday “rahmat, salomat bo‘ling”, deb chiqib ketdik.

Odamlar vahimani bunchalik xush ko‘rishadiya?! Patronaj hamshirani topib unga tanbeh berdik. Ammo u aytgan so‘zidan qaytmaydi. Janjalni osmonga chiqardi. Keyin bilsak tuman markaziy kasalxonasi bosh shifokori hammaga ehtiyot choralarini ko‘rish uchun buyruq bergan ekan.

Ilojimiz qolmadi. Tushdan keyin tumanning hamma tibbiyot xodimlarini yig‘ib, moxov kasalligi to‘g‘risida seminar mashg‘ulot o‘tkazdik. Kasallikni endilikda bemalol davolash mumkinligini, hech qanaqa moxovxonaga olib ketish shart emasligini tushuntirdik. Mashg‘ulotning nihoyasida oq-sariqdan kelgan, yoshi 35-40 lardagi shifokor turib bizga “tibbiyot institutida moxov o‘ta xavfli kasallik u bedavo, jazosi bir umrga ularni moxovxonada saqlash kerak, deb o‘rgatgan bunga nima deysiz?”, deb savol berdi.

- Ha, albatta, bir paytlari shunaqa ishlar bo‘lgan, lekin hozir unday emas. Moxov o‘ta kam yuqadigan kasallik, uni davolash uslublari allaqachon ishlab chiqilgan. Hozirgi vaziyatda ham bemorni ambulator sharoitda davolaymiz. Iltimos, hech qanaqangi vahimaga hojat yo‘q, - deb seminarni tugatib yana Andijon shahriga qaytdik.

Ertasiga ertalab ishni kafedradan boshladik. Yuzdan ortiq talabalarga yoshi 55-60 dan oshgan dotsent baqirib, ma’ruza o‘qiyapti. “Moxov o‘ta xavfli kasalliklardan biri bo‘lib, u juda tez yuqadi. Ular bilan kontaktda bo‘ldingmi, tamom, ertami-kech moxovxonaga tushasan”. Ma’ruzaxonaning eshigi lang ochiq ekan, uni taqillatib o‘tirishga hojat yo‘q edi. Mo‘minjon bilan ikkimiz kirib ma’ruzachi domladan va talabalardan uzr so‘radik. Men o‘zimni leprologiya sohasida mutaxassis ekanligimni aytdim. Ayniqsa, tibbiyot fanlari doktori, oliy toifali shifokorman, deganimdan so‘ng ma’ruzachi sal o‘ziga keldi.

- Dunyo miqyosidagi izlanishlar natijasiga ko‘ra, moxov kasalligi o‘ta xavfli kasalliklar toifasiga kirmasligi ma’lum bo‘lgan. Uning ustiga dunyoda moxovxonalarda ishlayotgan, avval ishlagan bironta shifokor yoki hamshiraga hali kasallik yuqmagan. Kasallikning davosi bor. Shuning uchun bemorni moxovxonaga olib ketishga hojat yo‘q. Domla, uzr, sizni ham bir paytlar eskichasiga o‘qitishgan, o‘ylaymanki, siz bilan do‘st bo‘lib qolamiz!

Do‘stim Mo‘minjon bilan chetdagi xonada bemor bilan yuzma-yuz uchrashdik. Sharoitni, kasallikdan qo‘rqmaslikni, biz bergan dori-darmonni vaqtida ichish kerakligini tushuntirdik. Qo‘liga yo‘l xarajatlarini berib uyiga javob berdik. Mo‘minjonning xonasida ikkimiz fikrlashib qoldik, xo‘sh dori-darmonini berdik, ammo yeyish-ichishi nima bo‘ladi? Axir oilasining topish-tutishi juda ham nochor-ku! Xullas, keyin dispanser yigitlari bilan gumanitar yordam berib turishga kelishib oldik.

Shanba kuni hamma boshqa ishlarni yig‘ishtirib dala hovliga ketdim. Ustimga eski xalatimni kiyib, yuzimga niqob taqib arxiv materiallari ichidan Andijon viloyatiga tegishli hujjatlarni, ya’ni, kasallik tarixi va ambulator kartalarni tita boshladim. Bemorning buvisi moxov kasalligiga chalingan. Bulung‘ur leprozoriyasida 15 yildan ortiq davolangan, ikkilamchi kasalligi tufayli ahvoli og‘irlashgan. Bu holatni eshitgan katta o‘g‘illari kampirni kasalligiga qaramasdan uyiga Izboskanga olib kelishgan, oradan 7-10 kun o‘tmasdan kampir vafot etgan. O‘g‘illari uyni sotib hozirgi Ulug‘nor tumaniga ko‘chib kelishgan. Bor-yo‘g‘i bir hafta davomida 6 yoshli nevara kampir bilan bir necha bor qisqa muddatli maishiy aloqada bo‘lgan xolos. Oradan salkam 36 yil o‘tgach, bu bola 42 yoshida moxov bo‘lib o‘tiribdi. Keyinchalik surishtirsak, bemorning buvisi va buvasi urushdan oldin Xitoyning Yorkent viloyatidan ko‘chib kelishgan. Ushbu bemor haqidagi barcha tarixiy ma’lumotlarni e’tiborga olgan holda “dermatovenerologiya” jurnalida shogirdim bilan ilmiy maqola chop etdik. Demak, kasallikning yashirin, inkubatsion davri 20-30 yillab davom etishi mumkinligiga amin bo‘ldik.

Adabiyotlarda kasallikning yashirin davri uzoq bo‘lishi juda ko‘p olimlar tomonidan qayd qilingan. Lekin men bir fikrga keldim. Aslida biz kasallikning dastlabki klinik belgilarini bilmaymiz, uning ustiga endemik o‘choqlarni unutganmiz. Axir moxovga chalingan bemorlar dastlab kimga boradi, oddiy qishloq shifokoriga, keyin yillab yuradi, yana sal mazasi bo‘lmasa bironta-bir tanish shifokoriga uchraydi. Qisqasi, kasallikni vahima qilishdan boshqa u to‘g‘risida odamlarda umuman tushuncha yo‘q.

Paxta terimi tugagach, safar hujjatlarimni to‘g‘rilab, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga, ya’ni vodiyga safarga otlandim. Direktor bilan xayrlashib ketayin desam afsus, kirganimga pushaymon bo‘ldim. – Xo‘sh, nima “yangilik” aytasiz bu safar? Chet eldan dollarni olib, kayfu-safo qilib yuribsiz. Mana bu sizga kelgan chekni olingda, pulini shu yerga keltirasiz, siz bilan keyin gaplashamiz, deb eshik tomon imladi. To‘g‘risi, chek uning qo‘liga qanday tushib qolganligini bilmayman. Sekin mashinamga o‘tirib, to‘g‘ri pochtaga bordim. Pochtachining gapiga qaraganda, direktor institutga kelgan hamma pochtani shaxsan o‘zi olgan ekan. Shu tariqa Germaniyadan mening nomimga kelgan konvertni ham u olgan. Ertasiga bir-ikkita g‘alamislar taklifi bilan konvert ochilgan. Qarasa, ichida “chek”, unda olinadigan summa ko‘rsatilgan.

Xo‘jayin aytganiday bo‘ldi. Pulni avval dollarda, keyin uni so‘mga aylantirdik. O‘ziyam bir xalta bo‘lib ketdi. Pulni xo‘jayinning xonasiga qo‘ydik. - Gap mundoq uka, Qoraqalpoqqa o‘zingga, menga samolyotga chipta olasan. Farg‘onangni qo‘yib tur. Borib moxovxonani o‘z ko‘zim bilan ko‘raman. Endi har safar ketishingdan oldin pulni mening xonamdan olasan. Gap tamom.

Bir-ikki kun ichida Qoraqalpoqqa uchib ketdik. Aeroportda bizni Vladimir Ivanovich kutib oldi. Salom-alikdan so‘ng avval Sog‘liqni saqlash vaziriga uchrashdik. Vazir ancha o‘zgarishlar bo‘lganligini, salkam 30-40 km.ga gaz quvuri yotqizganligini, yo‘llar ta’mirlanganligini xursandchilik bilan aytib berdi. Qishgacha kasalxonaning tomlarini qaytadan tiklashga so‘z berdi.

- Hammasining tagida mana shu yigitning tashabbuskorligi yotibdi, - deb menga qaradi. - Amerikalik, Germaniyalik tadbirkorlar yordam bermoqda.

So‘ng biz "UAZ" mashinasiga o‘tirib, Qoraqalpoqning “Krantau” degan moxovxonasiga yo‘l oldik. Avval saksovulzor, jing‘ilzorlardan, cho‘lu-biyobonlardan o‘tdik. Keyin katta kanal ustidagi ko‘prikdan yurdik. Bu manzarani kuzatgan direktor bekorga “Bu joylarni borsa kelmas” demas ekan, deb boshini irg‘ab qo‘ydi. “Bu joylarda adashib qolish hech gap emas”. Uning og‘zidagi gapini Vladimir Ivanovich olib, “Shu yo‘llardan yigirma yildan ortiq yuramiz. Mana, safimizga yosh do‘xtirlar qo‘shilmoqda. Moxovlar bilan yuzma-yuz yursanggina uning dardini tushunasan”, deya qo‘shimcha qildi. Bu gaplar albatta direktorga unchalik yoqmadi. Birdan shofyor yigit UAZ mashinasini moxovxonaga olib boradigan yo‘l boshida siltab to‘xtatdi. Vladimir Ivanovich moxovxonaning ta’mir talab imoratlari-yu, bemorlar yotgan uylarni birma-bir ko‘rsatdi. Shunda direktor:

- Nima, ular er-xotin bola-chaqasi bilan bir uyda yotadimi? -  deya savolga tutdi Vladimir Ivanovichni.

- Yo‘q, yo‘q, ularning ko‘pchiligi kasalxonada turmush qurishgan, keyin alohida ikki xonali uy berganmiz. Hov anavi o‘ynab yurgan bolalarning ayrimlari xodimlarniki, ayrimlari esa bemorlarning nevaralari. Ular bir-ikki oyda kelib turishadi. Mana shu katta asfalt yo‘lning o‘ng tomoni sog‘lom zona, chap tomoni esa bemorlar yashaydigan zona deyiladi. Anavi qishloqda yuzdan ortiq xo‘jalik turadi. Ularning ko‘pchiligi 30-40 yil ichida kasalxonadan davolanib chiqib ketgan va o‘lgan bemorlarning keyingi avlodi. Hozir ular orasida bemorlar yo‘q. Ular hayotdan ko‘z yumishgan. Chap tarafingizdagi ushbu imoratda oilasi yo‘q yoki nogiron bemorlar yotadi. Xohlasangiz, birgalikda kiramiz, - deb so‘zini davom ettirdi Vladimir Ivanovich.

Shunda direktor shofyor yigitga qarab,  “mashinangni olib kel, endi qaytaylik, samolyotda biroz charchadim shekilli”, dedi-da xuddi birov payqaganday atrofga alangladi. Shofyor yigit orqaga qaytishda "UAZ"ni sekin haydadi. Sukunat. Hamma jim ketardi.

Mehmonxonada direktor bilan yonma-yon xonalarga joylashdik. Kechki ovqatni birga qildik. Ofitsiant ayol muzlatgichdan 3-4 shisha qatiqqa o‘xshash ichimlik olib keldida, bu “shubat” dedi: “Tuyaning sutidan qilingan, ming xastalikka davo, mana marhamat, ichinglar”.

Direktor birinchilardan bo‘lib, shartta bir shishani simirib ichib tashladi. Xo‘jayinning rangiga qarab men ham bir stakan ichdim, to‘g‘risi unchalik xushlamadim. “O‘ylaganing moxovxona bir yoyilib shubat ichmaysanmi? Ham immunitetingni oshiradi, ham kasal bo‘lmaysan” dedi direktor. Ofitsiant qiz ovqatni olib kelgunicha direktor ikkinchi shishadagi shubatni ham ichib tashladi.

Kechki ovqatdan so‘ng xona-xonamizga tarqaldik. Televizorning ovozi qattiqroq bo‘lib ketdimi chamasi, direktor uyg‘onib mening xonamga chiqdi.

– Ey, moxov do‘xtiri, biroz mazam bo‘lmayapti, qornim burab og‘riyapti, dedi xomush tortib. Shubat xo‘jayinning qorniga “to‘g‘ri kelmadi” nazarimda. U esa tonggacha qorin og‘rig‘i bilan kurashib chiqdi. Ertasiga kechki reys bilan uyga qaytdik.

Ikki-uch hafta o‘tib, safarimni Farg‘ona vodiysi bo‘ylab Namangan viloyatidan boshladim. Viloyatda jami aniqlangan bemorlar 60-70 yil ichida jami 14 ta bo‘lgan, ulardan bor-yo‘g‘i bir nafari tirik ekan. Namanganlik Vaqqos aka menga hamroh bo‘ldi. – Uka, dedi, iloji bo‘lsa ertaga ertalab salqinda yo‘lga chiqsak. Bemor Yangiqo‘rg‘onning tog‘li hududida turadi. Sahar bormasak qaytishimiz qiyin bo‘ladi, qorong‘uga qolib ketamiz.

Egamberdi Eshboyev.

Davomi bor.