Hazorispandmi yoki Hazorisfand?
Har bir xalq o‘zining bir necha ming yillik tarixiy taraqqiyoti davomida olam haqida, undagi borliqni, quyosh, oy, yulduzlar, kecha va kunduz, havo, yer, suv, hayvonot, o‘simlik va ma’danlar dunyosi, osmon, yer va suvda bo‘layotgan jarayonlarni, o‘zgarishlarni o‘zlaricha talqin etishgan. Har bir jarayon yoki narsaga nom berishda ular o‘sha jismning yoki narsaning tashqi ko‘rinishi, boshqa bir xususiyatiga qarab shakli, rangi, hidi, ovozi, holati, ko‘rinish vaqti, yashash tarzi, farqi, miqdori, biror hodisa, voqeaga bog‘lab nom berganlar. Ya’ni, atamalar har bir millat, xalq, qabila, urug‘lar tomonidan turli nomlar bilan atalib kelingan.
Turli ijtimoiy, iqtisodiy, tabiiy hodisalar: ko‘chish, urushlar, falokatlar, diniy hodisalar, urf-odatlar, iqlim, savdo-sotiq, etnik jarayonlar, kasallik, muhtojlik, zilzilalar, toshqinlar, vulqonlar odamlarni, xalqlarni, millatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirgan. Aksariyat davlatlar har doim ham bir-biriga dushmanlik kayfiyatida bo‘lavermagan. Ayniqsa, ko‘chmanchi xalqlar asta-sekin o‘troq yashashga o‘tgan, dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, qurilish, savdo-sotiq, ijod, davlat ishlari, siyosat bilan shug‘ullangan. Shu orqali o‘zaro muloqotlar yuzaga kelgan, tillararo muomala yuzaga kelgan.
Bilamizki, ma’lum bir hududdagi biror o‘simlik yoki hayvon boshqa joyda uchramaydi. Natijada narsalarni o‘sha joy xalqi qanday atasa, boshqa xalq ham shundayligicha yoki shunga yaqin nom bilan atgan va o‘sha so‘z boshqa xalq tomonidan o‘zlashtirilgan. Boshqa joydan kelgan xalq esa o‘sha narsani sifatiga qarab o‘zlaricha nomlashgan.
O‘zbek tilida ham shunday so‘zlar borki, ularning asl ma’nosini topib o‘rganishni talab qiladi. Afsuski, bu kabi so‘zlarning tub ma’nosini aniqlashga tilshunoslarimiz tomonidan oydinlik kiritilmagan. Masalan, fors-tojik tilidan o‘zbek tiliga o‘tib o‘zlashgan «hazorispand» yoki «hazorisfand» so‘zini olib qaraymiz. Bu o‘simlikni O‘zbekistonning turli viloyatlarida turlicha ataydi. Jumladan, bu o‘simlikka nisbatan Samarqandda hazorispand, Buxoroda isiriq, Qashqadaryoda hazorsupon, Surxondaryoda esa hazorsubon, adraspan, ispandon kabi atamalar ishlatiladi.
1991 yilda chop qilingan Bahrom Vafoyevning «Ko‘hna so‘zlar tarixi» kitobida muallif bu so‘zning ma’nosi «sipehr», «sipand», ya’ni «1000 xil jodudan, sehrdan saqlaydi», deb aytgan. “Milliy tiklanish” gazetasining 2017 yil 25 yanvardagi 4-sonida “hazorispand” so‘zining ma’nosini “hazoraspband”, “hazor” - ming, “asp” - ot, “band” - to‘smoq, “ming otni bog‘lovchi”, “ming kasallikka davo”, degani deb noto‘g‘ri izoh berilgan.
«Sipand» so‘zining ma’nosi ikki xil bo‘lib, birinchisi - «hazorispand» yoki «ispand» so‘zining qisqa shakli, ikkinchisi - Eronning Seiston viloyatidagi tog‘ nomidir. «Sipehr» so‘zi esa falak, charxi falak, osmon, arshi a’lo, baland osmon, degan ma’nolarni bildiradi. Ikkinchi ma’nosi zamona, dunyo, taqdir, deganidir. Hazorispand so‘zining birinchi bo‘lagi «hazor» so‘zi fors-tojik tilida ming sonini bildiradi. Bu to‘g‘ri. Lekin so‘zning ikkinchi bo‘lagi bo‘lgan «ispand» so‘zi qadimgi eron tili bo‘lgan pahlaviy tilida «urug‘» ma’nosini anglatadi. Demak, «hazorispand» - «ming urug‘» degani. Chunki bu o‘simlik juda ko‘p urug‘ hosil qiladi.
«Isfand» so‘zi esa qadimgi Eron va Mesopotamiya xalqlarida oy ma’budining ismi bo‘lgan. Ikkinchi ma’nosi esa hijriy shamsiy yili oxirgi 12 oyining (21 fevral - 21 mart) forscha atalishidir. Isfandiyor ismining ma’nosi ham «Avestoda diyonatli qilib yaratilgan», degan ma’noni bildiradi.
“Asfandiyor” - “tosh qalqonli bahodir”, “muqaddas iloh sovg‘asi”, “tanasi misdan yasalgan” ma’nolarini beradi. Demak, «ispand» va «isfand» so‘zlari turli ma’nolarga ega.
“Hazorispand” yoki “hazorisfand” so‘zlari bilan bog‘liq qishloq nomlari ham mavjud. Masalan, Samarqand viloyatining Nurobod tumanida Hazarmali yoki Hazrasmali degan qishloq bor. Aslida bu Hazorispandli deb atalgan va aytish qulayroq bo‘lsin uchun shakli o‘zgarib, shunday ko‘rinish olgan. Bu joyda hazorispand ko‘p o‘sganligi uchun shunday nom olgan.
Alisher Navoiy asarlarida «ispand» ko‘rinishida keladi. Qirg‘iz tilida «adirashman» deyiladi. Shu o‘rinda «isiriq» so‘ziga ham izoh berib o‘tish joiz. Bu so‘z aslida «isli urug‘» bo‘lib, keyinchalik isiriq ko‘rinishini olgan.
Bu o‘simlikning dorivor xususiyatlariga kelsak, buyuk alloma, tabobat ilmining dahosi Ibn Sino: “U mashhurdir. Parchalovchi va latiflashtiruvchidir. Bo‘g‘in og‘riqlariga va irqunnasoga surtish foydalidir. Ko‘ngilni qattiq aynitadi. Qulanj kasalida surtish va ichish foyda qiladi. Yashil poyalarini ezib bo‘g‘in, bel og‘riqlariga, teri qichishi (ekzema), bod kasalligida ishlatiladi. Damlamasi bezgak, tutqanoq, qaltirash, uyqusizlik va boshqa kasalliklarda tinchlantiruvchi, og‘riq qoldiruvchi vosita sifatida foydalaniladi. Poyalari qaynatmasi terlatuvchi va peshob haydovchi xususiyatga ega”, degan.
Brutsellyoz kasalligida ham yashil holdagi qaynatmasi ichilsa, og‘riq qoldiradi. Uzoq vaqt damlab ichib yurilsa, ich yumshatish xususiyati borligi ham aniqlangan. Urug‘i qaynatmasi (zig‘ir urug‘i bilan birga) astmaga qarshi ichiladi. Bundan tashqari, tirishishga, ayollar kasalliklarida, nevrasteniya (asablar charchashi), miopatiya (mushak kasalliklari)da miasteniya (mushaklar zaiflashishi)da, me’da-ichak kasalliklarida, epidemik ensefalit (hayvon kanasi tishlashi yoki kanani qo‘l bilan o‘ldirganda kana qonining odam terisi yorig‘i yoki yarasiga kirishi oqibatida kelib chiquvchi og‘ir kasallik) oqibatlarini davolashda ishlatiladi.
Hindiston tabobatida gijjaga qarshi ichiladi. Urug‘laridan och qizil rangli «turk bo‘yog‘i» olingan. Uning 10 grami olinib, 40 foizli spirtda 1:5 nisbatda 6 oy saqlanar ekan. Unga teng miqdorda nashatir va natriyli selitra ham qo‘shilar ekan (1 litr spirtga ikkisidan ham 10 gramdan). Tayyor bo‘yoq bilan 5 kvadrat metr ipakni alvon va 50 kvadrat metr matoni pushti rangga bo‘yash mumkin. Tojikiston xalk tabobatida o‘simlik unib chiqqach, uning ustidan yoriq qozon to‘nkarib qo‘yilgan. Giyoh o‘sib, kattalashib, qozon devoriga giyohdan ajralib chiqqan smolalari qozon devoriga yopishib qolgach, uni pichoq bilan qirib olar ekan. Bu modda barcha kasalliklarga shifo bo‘ladi, deyishadi.
Abdumannon YoRQULOV,
Nurobod tumani, arxitektor.