Hech qaysi davlatning fuqarosi bo‘lmaganlarga O‘zbekiston pasporti beriladi

Bu qanday tartib asosida o‘tkaziladi, kimga murojaat qilish kerak?

Viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan navbatdagi anjumanda viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Davron Norchayev O‘zbekiston fuqaroligini berish tartibi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Kimga, qanday hujjatlar bilan murojaat qilish kerak?

- Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun doimiy yashab turgan joyidagi hududiy ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiladi, - deydi D.Norchayev. - Bunda pasport va nikohdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi to‘g‘risidagi hujjatlar taqdim qilinadi.

Shu asosda hududiy ichki ishlar bo‘limida tegishli ro‘yxatlar shakllantirilib, 3 kun ichida viloyat IIBga taqdim qilinadi. Viloyat IIB taqdim qilgan ma’lumotlar asosida fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, deb tan olish masalasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan hal qilinadi.

Ma’lumot uchun, bugungi kungacha viloyat bo‘yicha mazkur masalada 120 dan ortiq murojaat bo‘lgan.

Eslatib o‘tish lozim, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish istagini bildirgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobari – 490 ming so‘m davlat boji to‘laydi.

Fuqarosizlikni qisqartirish avval qanday bo‘lgan?

Respublikamiz mustaqillikka erishgan 1991 yildan 2007 yilga qadar fuqaroligi bo‘lmagan 482 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan. 2007 yildan 2016 yilning dekabr oyiga qadar bironta ham fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilmagan.

2016 yil dekabr oyidan 2021 yil may oyiga qadar davlatimiz rahbarining 88 ta farmoni asosida 22 ming 269 nafar, jumladan Samarqand viloyati hududida istiqomat qiluvchi 666 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.

- Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ko‘plab dolzarb va muhim vazifalar qatorida fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta’minlash borasida navbatdagi muhim qadamni qo‘yish zarurligi ta’kidlandi, - deydi D.Norchayev. - Jumladan, 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelib, doimiy ro‘yxatdan o‘tib yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish taklif etildi.

Shunga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan hamkorlikda 28 yil muqaddam qabul qilingan hamda bugungi zamon talablariga to‘liq javob bermaydigan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi. Qonun 2020 yilning 13 mart kuni qabul qilindi.

Qonunning 6-moddasida davlatimiz rahbari taklif qilgan norma belgilandi. Ya’ni, 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish tartibi joriy etildi.

Qonun talablari asosida bugungi kungacha respublika miqyosida 23 mingdan ortiq, jumladan viloyatimiz hududida istiqomat qiluvchi 513 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning hujjatlari o‘rganib chiqildi. Mazkur fuqarolarga O‘zbekiston fuqarosi pasporti (yoki ID-karta) hujjatlashtirib berildi.

Navbatdagi yengillik berildi

Prezidentimizning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida respublikamizda fuqarosizlikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida 2005 yil 1 yanvarga qadar yurtimiz hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz 15 yil doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda turib, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs yashash guvohnomasi yoki identifikatsiya ID-kartasi asosida yashab turgan va chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish taklif etildi.

Shunga ko‘ra, 2021 yilning 14 iyunda “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

Endi:

- 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs xohish bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi;

- o‘zini O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasida kamida o‘n besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan va ushbu davr mobaynida chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi;

- ota-onasidan biri (yolg‘iz otasi yoki onasi) O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va yurtimizda yashab kelayotgan bola xohish bildirgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish uchun nazarda tutilgan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ariza beruvchi ushbu faktlarni sud tartibida tasdiqlashi mumkin.

Ushbu taklifning amaliyotda joriy etilishi natijasida 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan 20 ming 570 nafar (viloyatimiz hududida 475 nafar) va har yili taxminan 1 500 nafar (viloyat hududida 50 dan ortiq) respublikamiz hududida doimiy ro‘yxatdan o‘tib yashab kelayotganiga 15 yildan oshadigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish imkoniyati yaratiladi.

Yurtimizda tug‘ilgan va yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish maqsadida iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar 5 yil davomida (fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi olgan kundan e’tiboran) uzluksiz yashash sharti bekor qilindi.