Himmat OQBO‘TAYeV: Osmonga qarab o‘tiradigan payt emas
Qo‘shrabotliklar osmonga qaragan xalq.
Elimiz o‘rtasida juda ommalashgan bu gap tumanimizning tabiiy sharoiti, aholining turmush-tarzi, kasb-koridan kelib chiqib aytilgan. Haqiqatdan ham yomg‘ir, qor yog‘ishi Qo‘shrabotga, umuman, dashtga xudo berdi, degani. Dehqonchiligimiz, chorva va bog‘ning barakasi yog‘ingarchilik bilan bog‘liq. Ammo keyingi yillarda tabiatdagi o‘zgarishlar, iqlimning isib borayotgani tufayli yog‘ingarchilik ham kamaymoqda. Dala-dashtning oppoq qorga burkanib turganiga ahyon-ahyonda ko‘zimiz tushadi. Bu esa yer osti suvlarining ham pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, bunday sharoit har bir dehqon, chorvador va bog‘bondan omilkorlik bilan ish tutishni, zamonga mos harakat qilishni talab etadi. Shuning uchun ham bugun qo‘shrabotliklar faqat osmonga qarab qolmasdan, yerdan samarali foydalanishning turli yo‘llarini izlamoqda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanyapti. Bu borada xorij tajribasini o‘rganib, o‘zimizda qo‘llayapmiz.
Prezidentimizning tumanimizga tashrifidan keyin lalmi yerlarda tomchilab sug‘orish texnologiyasi asosida intensiv bog‘lar yaratish keng ommalashdi. Zamonaviy yong‘oq plantatsiyalari, tokzorlar tashkil etilmoqda. Chorvachilik sohasi ham takomillashib, xorijdan naslli qo‘y va echki keltirib, ularni shu yerda ko‘paytirish choralarini ko‘ryapmiz. Bu borada xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, xalqaro moliya uyushmalari kredit mablag‘laridan samarali foydalanilmoqda.
Jumladan, qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi mablag‘lari orqali 6 ta fermer xo‘jaligi va korxonalar 4 million 18 ming AQSh dollarilik loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. “Chorbuloq” fermer xo‘jaligi 50 ming AQSh dollari hisobiga Qozog‘istondan 250 bosh zotdor qo‘y olib keldi. Ayni paytda “Sarvarbek naslli chorva” fermer xo‘jaligi 330 bosh, “Buloqboshi durdonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa 160 bosh ana shunday naslli qo‘y olib kelish harakatida.
Bundan tashqari, hozirda “Samarqand invest garden” jamiyati tumanimizda 500 gektar yerda intensiv bog‘ yaratishni boshladi. “Oqtepa unumdor zamin” fermer xo‘jaligi esa uzumchilikni rivojlantirish maqsadida 10,0 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 400 gektar maydonda tokzor yaratish bo‘yicha ish olib bormoqda. “Registon Parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati 31,0 milliard so‘mlik loyiha asosida parrandachilik fabrikasini tashkil etmoqda.
“Qo‘shrabot uzum eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yil Turkiyadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalarini keltirib, mahsulotni shu yerda qadoqlash va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu ayni paytda tumanimizda yetishtirilayotgan va lekin boshqa hududlar hisobidan eksport qilinayotgan mahsulotlarni o‘zimiz xorijga sotishimiz va tumanimiz eksport salohiyatini oshirish imkoniyatini beradi.
Keyingi paytda tumanimizning Rossiya, Xitoy va boshqa qo‘shni davlatlar mintaqalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilishidan tadbirkorlarimiz samarali foydalanmoqda. Xususan, “Qo‘shrabot agro servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati Rossiyadan zamonaviy artezian quduq qazish texnikasi, Orenburg viloyatidan tivit beradigan 100 bosh echki olib keldi. Shuningdek, bu tadbirkorlar Xitoydan lalmi maydonlarni sug‘orish uchun yuqori samarador asbob-uskunalar, Navoiy kon metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari uchun havo tozalash niqoblari ishlab chiqaradigan texnologiya keltirib, ish boshladi.
Tumanimiz qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun ham boy xom ashyo zahirasiga ega. Ammo bugun bu imkoniyatdan ham to‘la foydalana olganimiz yo‘q. Beshta g‘isht ishlab chiqarish korxonasi, Shavona mahallasi Zarband hududida marmar blok va plitalar ishlab chiqaradigan o‘ndan ortiq qayta ishlash korxonalari ishlamoqda. Urganji, Navkat, Quvkalla hududlarida tarkibida kvars rudasi mavjud bo‘lgan konlar bor. Ushbu qazilma boyliklar Ohangaron va Olmaliq zavodlariga olib borib qayta ishlamoqda. Bundan tashqari Qizilbel hududida turli xil ko‘rinishga ega bo‘lgan 52,2 foizli granit bloklari va granit plitalari koni mavjud.
Hozirda oldimizda ushbu yo‘nalishlardagi faoliyatni kengaytarish, yangi korxonalar tashkil etish bo‘yicha vazifalar turibdi. Bu ishlarning amalga oshirilishi avvalo, minglab qo‘shrabotliklarni ish bilan ta’minlash, tumanimiz iqtisodiyatini rivojlantirish imkoniyatini beradi. Eng muhimi, Qo‘shrabotning obod bo‘lishi, xalqimiz turmush darajasining o‘sishiga xizmat qiladi.
Darvoqe, Prezidentimizning 11 yanvar kuni viloyatimizga tashriflari davomida bergan topshiriqlari va oldimizga qo‘ygan vazifalari asosida kuni kecha eng olis va katta qishloqlarimizdan biri bo‘lgan Jo‘shda “Obod qishloq” dasturi asosida bunyodkorlik ishlari boshlandi. Viloyatimiz hokimi hamda mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari qishloqqa kelib, aholi bilan uchrashdi, ularning dardlarini, takliflarini eshitdi. Qishloqda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Tumanimiz, xalqimiz hayotida yangi davr boshlanmoqda. Yurtdoshlarimizda ertangi kunga umid katta va shunga monand harakat, ishtiyoq kuchli. Bugun qo‘shrabotliklar faqat osmonga qarab qolgan emas, mavjud imkoniyat va salohiyatdan foydalanib, tumanni har tomonlama rivojlantirish uchun mehnat qilyapmiz.