Hokim o‘rinbosarlari faoliyati natijadorlik asosida baholanmoqda
Bugungi kunda dunyoning eng rivojlangan davlatlarida davlat xizmatchilari faoliyatini baholashda turli shakllardagi innovatsion usullardan foydalaniladi. 1960 – 1970 yillarda Yevropa davatlarida hamda AQShda “maqsadlar bo‘yicha boshqarish” uslubi – Management by Objectives juda ommalashgan tizimga aylangan edi. 1980 yilga kelib maqsadlar bo‘yicha boshqarishdan natijaviylikka intilish tendensiyasi kuchayib, rerformance management, ya’ni “natijaviylikni boshqarish” yoki KPI tizimi yaratildi.
“Harvard Business Review” tashkiloti tomonidan mingdan ortiq kompaniya xodimlari va rahbarlari ishtirokida ularni natijaviyligini aniqlash va rag‘batlantirishni samarali usullarini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, tashkilot xodimlarining 5 foizi doimo yaxshi ishlashini, 5-7 foizi doimo yomon ishlashini, qolgan 88 foizini samarali ishlashi uchun doimo to‘g‘ri maqsadlarni o‘rnatish va ularni bajarilishini nazorat qilish bilan ularni yaxshi ishlashiga sabab bo‘lishini ko‘rsatib berdi.
Hozirgi kunda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkilotiga a’zo
31 davlat tomonidan davlat xizmatchilari samaradorligini baholashda eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimi joriy etilgan.
Bu borada yurtimizda ham bir qator ijobiy ishlar tizimli asosda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan respublikamizning 11 tuman va shahar hokimliklarida hokim o‘rinbosarlari faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi rasman eksperiment tarzda joriy etilib, sinovdan o‘tkazilmoqda.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyati filiali tomonidan ham viloyatdagi barcha tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlar asosida baholash yo‘lga qo‘yildi.
Bu borda olib borilgan dastlabki eksperiment jarayonida tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari faoliyati 88 vazifa va 167 ko‘rsatkich bo‘yicha baholandi.
O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, o‘rinbosarlarga yuklatilgan vazifalar salmog‘i shunchalik ko‘pki, bu topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida real ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tizimli tarzda o‘tkazilgan eksperiment natijasida tuman (shahar) hokim o‘rinbosarlari faoliyati 88 vazifadan 59 taga va 167 ko‘rsatkichdan 75 taga kamaytirilgan holda baholanishi yo‘lga qo‘yildi.
Hozirgi kunda tuman (shahar) hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari faoliyati 10 ta vazifa va 11 ta ko‘rsatkichlar asosida baholanmoqda.
Jumladan, o‘rnatilgan prognozga asosan respublika byudjetiga (kontingent) va mahalliy byudjetga prognoz tushumini ta’minlash uchun
15 balldan 30 ballgacha baholanishi mezoni o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, tuman (shahar) hokimlarining qolgan o‘rinbosarlari faoliyati ham bir qator vazifa va ko‘rsatkichlar asosida baholanib kelinmoqda.
- sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari faoliyati 12 vazifa va 14 ko‘rsatkichlar bo‘yicha;
- hokim o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i faoliyati 6 vazifa va 6 ko‘rsatkichlar bo‘yicha;
- qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosar faoliyati 13 vazifa va 21 ko‘rsatkich bo‘yicha;
- yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar faoliyati 8 ta vazifa va 11 ta ko‘rsatkich bo‘yicha;
- hokim o‘rinbosari - mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i faoliyati 10 vazifa va 12 ko‘rsatkich bo‘yicha baholanib kelinmoqda.
Shu asnoda tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari faoliyatida individual erishilgan darajasiga qarab, “namunali”, “a’lo”, “yaxshi”, “qoniqarli”, “past darajada”, “qoniqarsiz” darajadagi baholar bilan qayd etib boriladi.
Ushbu tizim tuman (shahar) hokim o‘rinbosarlari faoliyatini baholash orqali tuman (shahar) hokimlari hamda viloyat hokimining tegishli sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyatiga ham baho berish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, davlat xizmatchilarini lavozim bo‘yicha o‘stirish, moddiy rag‘batlantirish hamda muddatidan oldin martaba darajalarini berish adolatli baholash tizimiga asoslangan holda amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Sh.AZIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentiligi Samarqand viloyat filiali bosh inspektori.