Hokim paxta dalasida 300 nafar terimchiga sovg‘a berdi

Samarqand tumani hokimi Nosir Mavlonov Past Darg‘om tumanida oq oltin xirmoniga o‘z hissasini qo‘shayotgan tumandosh hasharchilar davrasida bo‘lib, 300 nafar terimchiga sovg‘a ulashdi.

- Oilasiga qo‘shimcha daromad keltirish istagida yurgan fuqarolar uchun paxta mavsumi ayni muddao, – deydi Samarqand tumani Qaynama mahallasida yashovchi Klara Shirinova. – O‘zim tikuvchilik bilan shug‘ullanaman. Mavsum boshlanganidan buyon paxta dalasidaman. Har kuni 130-140 kilogramm paxta teraman. Har bir kilogramm terilgan paxta uchun 1000 so‘mdan berishyapti. Shu kungacha 3 millionga yaqin daromad qildim. Bu yerda har bir terimchiga alohida e’tibor qaratishadi. Ayniqsa, tuman hokimi terimchilarning holidan xabar olib turgani, qilgan mehnatimizni qadrlab, sovg‘a ulashganidan juda xursandmiz. Bu albatta, kishiga shijoat bag‘ishlaydi.

Tuman hokimi va sektor rahbarlari “Guliston paxta g‘alla dalasi” fermer xo‘jaligida mehnat qilayotgan terimchilar bilan dildan suhbatlashdi. Qolgan hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish uchun mehnat qilayotgan hasharchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.