Hokimliklar va xalq ta’limi boshqarmasi uchun maktablarga direktor topish muammomi?

15 iyul kuni o‘tkazilgan hokimlik soati yig‘ilishida Payariq tumani misolida bir qator maktablarda direktor lavozimi vakant ekanligi, bu borada viloyat xalq ta’limi boshqarmasi zarur choralarni ko‘rmayotganligi tanqid qilingan edi.

Shundan so‘ng tuman, shahar hokimliklari tashkiliy nazorat guruhlari rahbarlariga joylardagi maktablar direktori vakant lavozimlari haqida ma’lumotlarni umumlashtirish topshirig‘i berildi. Mazkur topshiriq asosida kiritilgan ma’lumotda qayd etilishicha, viloyat bo‘yicha 72 ta’lim muassasasida direktor lavozimi vakant ekan. Lekin negadir ushbu ma’lumotdan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 19-maktab hamda Narpay tumanidagi 63-maktabda direktor lavozimi vakantligi “tushib” qolgan. Ushbu tumanlar tashkiliy nazorat guruhlari nima maqsadda haqiqiy holatni yashirishga uringaniga oydinlik kiritilmoqda hozirda.

72 vakant joy bo‘yicha ro‘yxat tuman va shahar hokimlariga yuborilib, 22 iyulga qadar direktor lavozimiga nomzodlarni viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga suhbatga yuborish hamda direktor lavozimiga tasdiqlanganlar ishni boshlashini ta’minlash talab qilingan edi.

Oradan bir hafta o‘tdi va bugun o‘tkazilgan hokimlik soatida ushbu masalaga yana qaytdik.

Ming afsuski, qayd etilgan 72 umumta’lim maktabining birortasiga haligacha direktor tayinlanmabdi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi 44  ta’lim muassasasiga rahbarni saralash uchun kuzatuv kengashlariga xat yuborib, kuzatuv kengashlari xulosasini o‘n kun ichida viloyat hokimligiga  yuborishini ma’lum qildi, xolos.

Mayli, yangi tartibga rioya qilish kerak. Lekin kuzatuv kengashlari tashkil etilgunga qadar (2018 yil 26 dekabr) bo‘lgan vaqt davomida ham viloyatdagi 25 ta ta’lim muassasasiga boshqarma buyrug‘i bilan direktor tayinlanmaganini qanday tushunish kerak?

Nega Narpay tumanidagi 2-maktabda 2017 yil 2 iyuldan, 22-maktabda 2017 yil 10 iyuldan, 60-maktabda 2017 yil 13 dekabrdan, Past Darg‘om tumanidagi 83-maktabga 2017 yil 7 oktyabrdan, Bulung‘ur tumanidagi 41-maktabda 2017 yil 17 sentyabrdan buyon direktor tayinlanmayapti? Nima, bu ta’lim muassasalarida rahbarlikka loyiq o‘qituvchilar yo‘qmi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi bir hafta davomida Past Darg‘om tumanidagi 7 ta vakant lavozimlarning atigi bittasiga, Samarqand shahrida ham 3 ta vakant lavozimdan bittasiga 3 nafar nomzod kuzatuv kengashi xulosasiga yo‘naltirilgan. Past Darg‘om tumani va Samarqand shahar hokimlarining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosarlari qolgan vakant lavozimlarga nomzod yuborish zarurligini unutib qo‘ydimi?

Qirq kundan so‘ng yangi o‘quv yili boshlanadi. Direktori yo‘q maktablar o‘quv yiliga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda? Bu muassasalardagi o‘qituvchilar boshini biriktirib, yangi o‘quv yiliga yangicha tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ish olib boradigan rahbarlarni topish va joyiga qo‘yish tuman, shahar hokimliklari, xalq ta’limi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari uchun shunchalik katta muammomi. Yoki bu yerda boshqa maqsad bormi?...

Viloyat hokimligi axborot xizmati.