E’zozga munosib samarqandlik xotin-qizlar uchun bayram dasturlari boshlandi. «Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni o‘z sohibalariga topshirildi

Samarqand shahridagi yoshlar markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan «Ayolini asragan, ulug‘lagan xalq buyukdir» shiori ostida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda viloyatda turli sohalarda mehnat qilayotgan faol, jamoatchi xotin-qizlar, deputatlar, senatorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

Viloyat hokimi E.Turdimov bayram ishtirokchilarini, ularning timsolida samarqandlik xotin-qizlarni bayram bilan qutlar ekan, xotin-qizlarning oiladagi, jamiyatdagi o‘rni xususida to‘xtalib o‘tdi, ularga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida ayollar erishayotgan yutuqlar e’tirof etildi.

Anjumanda oila va jamiyatda munosib o‘rin egallagan, oqilaligi, zukkoligi bilan el hurmatidagi 18 nafar ayolga "Mo‘’tabar ayol" ko‘krak nishoni, shuningdek, bir guruh xotin-qizlarga viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

"Mo‘’tabar ayol" sohibasi Samarqand tumanidagi 22-umumta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Aziza Zokirova, Qo‘shrabot tumanidagi 82-umumta’lim maktabining boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Sayyora Toshboyeva va boshqalar mamlakatimizda ilk bora berilayotgan bu mukofotga loyiq ko‘rilayotganidan mamnun ekanligini ta’kidlashdi. 

Bayram tadbirlari davomida ishtirokchilarga samarqandlik hamda poytaxtdan tashrif buyurgan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.