Hudud xavfsizligini ta’minlashda “Samarqand tajribasi” yaratildi
Bugungi voqelik Samarqandda “Xavfsiz shahar” loyihasi ijrosi birmuncha kechikayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Negaki, bu borada “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz dam olish”, “Samarqand shahridagi 112 yagona navbatchilik-dispetcherlik xizmati”, “Xavfsiz transport” loyihalari belgilangan edi.
Ammo bu loyihalar qay darajada amalga oshirilayotgani va qanday natija berayotgani haqida deyarli ma’lumot berilmayapti. Shu bois savol tug‘iladi - bu rejalar ijrosi qay darajada bo‘lmoqda?
Shu va boshqa savollarga javob olish uchun viloyat IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov bilan suhbatlashdik.
- Rahmat Toshnazarovich, suhbatimizni Samarqandni “Xavfsiz shahar”ga aylantirish borasidagi ishlardan boshlasak.
- Davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 iyunda qabul qilingan “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori talablari asosida Samarqand shahri hududida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish maqsadida viloyat hokimligi hamda mutasaddi idoralar mutaxassislari bilan hamkorlikda qo‘shma farmoyish ishlab chiqilib, Ichki ishlar vaziri va viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan.
Shu asosda Samarqand shahridagi 215 ta mahallada jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini kuchaytirish maqsadida kriminogen vaziyatidan kelib chiqib, shahar hududi kvartallarga ajratilgan va kuch-vositalar taqsimoti ishlab chiqilgan.
Buning natijasida patrul-post naryadlarining xizmati uch bosqichda piyoda patrul yo‘nalishlari xizmatga jalb etilib, hududiy profilaktika inspektorlari hamda jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, profilaktika inspektorlari, post-patrul xizmati hamda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, shu bilan birga, tezkor xodimlar, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamkorlikda ish olib bormoqda.
Loyiha doirasida Samarqand shahri Registon maydonida fuqarolarning ichki ishlar organlariga tezkorlik bilan xabar berishlarini ta’minlash maqsadida hududda chaqiruv (SOS) tugmasi o‘rnatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yer yuzining sayqali bo‘lgan azim shahrimizning xavfsiz hudud bo‘lishini ta’minlash borasida birmuncha ishlar amalga oshirildi va bu ishlar tizimli davom etyapti.
Endi natijalar masalasiga kelsak, bu borada shahar hududida joriy etilgan “Xavfsiz tun” tadbiriga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Chunki bu vaqtda xavfsizlik ta’minlansa, demak, kunduz kuni kafolatlangan bo‘lishi hech kimga sir emas.
Shu ma’noda aytish mumkinki, tadbir doirasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida alohida 8 ta mobil guruh tashkil etilgan. Soat 20.00 dan 04.00 gacha xizmat olib boradigan guruhlarning joylashuvi bo‘yicha dislokatsiyalari jinoyatlarning kunlik tahlili asosida belgilanadi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish mumkin, joriy yilning 23 mart kuniga qadar “Xavfsiz tun” tadbirida xizmatga jalb qilingan xodimlar tomonidan 36 ming nafardan ziyod bemaqsad yurgan shaxslar hududiy IIBlarga olib borilib, ularning barmoq izlari olingan va shaxsiga aniqlik kiritilgan.
Shuningdek, tungi vaqtda 2650 ta avtotransport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirildi. Ayni shu yo‘nalishda “TIG‘” tadbirlarida 54 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy chora ko‘rilib, 13 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs aniqlangan.
2020-2021 yillarda pandemiya sharoitida boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi yurtimizda ham sayyohlar oqimi birmuncha kamaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz, xususan, Samarqand shahriga chet elliklarning tashrifi ko‘payib bormoqda. Bu o‘z navbatida “Xavfsiz turizm” va “Xavfsiz hudud” tamoyillari asosida shahrimizni jinoyatlardan xoli hududga aylantirish va sayyohlarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu, qolaversa, joriy yilda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti Samarqand shahrida o‘tkazilishi munosabati bilan jamoat xavfsizligini namunali ta’minlash borasida “Xavfsiz turizm” va “Xavfsiz hudud” tamoyillari asosida asosiy ko‘chalar va chorrahalar, mehmonxonalar va turizm namoyishi ob’yektlari, shuningdek, sammit davomida mehmonlar harakatlanadigan yo‘nalishlarda qo‘shimcha videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, ularni viloyat IIBda tashkil etilgan Situatsion markazga integratsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
- Adashmasam, bunday tadbirlar viloyatimiz tumanlarida ham amalga oshirilmoqda. Shunday emasmi?
- To‘g‘ri, videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, ya’ni 24 soatlik kuzatuv rejimini barcha hududlarda yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmiz. Bunda albatta, birinchi navbatda kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, ayrim hududlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Misol uchun, Urgut tumanining Terak mahallasida jinoyat sur’ati oshganligi (14 ta) sababli mahallaning asosiy kirish-chiqish ko‘chalari hamda jamoat joylarida (bozor, bekat, masjid, ta’lim muassasalari va boshqa) zamonaviy raqamli videokuzatuv moslamalari o‘rnatilyapti.
Shuningdek, tunu kun xavfsizlikni ta’minlash maqsadida mahalladagi kelgusida huquq-tartibot idoralarida o‘qish yoki ishga kirish istagini bildirganlarni “Fidokor yoshlar” patrullik guruhlariga jalb qilib, ularga aniq vazifalar belgilab berilyapti.
Bundan tashqari, jinoyat sodir etgan va kelgusida jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan hamda yashash manzillaridan uzoq muddatga ketgan shaxslar bilan mahalla mutasaddilari, boshqa tegishli idoralar hamda profilaktika inspektorlari doimiy ravishda manzilli ishlamoqda.
Ushbu tajriba viloyatning boshqa tumanlaridagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga ham joriy qilinadi.
- Rahmat Toshnazarovich, shu o‘rinda viloyat IIB “102” avtomatlashtirilgan axborot tizimi to‘g‘risida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.
- “102” avtomatlashtirilgan axborot tizimi 2021 yilning may oyida viloyat IIB tashkiliy boshqarmasi “Situatsion markazi”da tashkil etilgan.
Mazkur tizim ishga tushishi natijasida fuqarolarning ortiqcha sarson bo‘lishlarining oldi olinmoqda. Shuningdek, shahar-tumanlardan kelib tushayotgan barcha murojaatlar o‘z vaqtida hisobga qo‘yilmoqda. Eng muhimi, murojaatlar bo‘yicha hodisa joyiga xodimlarning o‘z vaqtida yetib borishlari ta’minlanib, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldi olinmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, tizim orqali bir sutka davomida mingdan ziyod murojaat kelib tushadi. O‘tgan davr, ya’ni 2021 yil 24 maydan joriy yilning 23 martigacha “102” avtomatlashtirilgan tizimi orqali 300 mingga yaqin murojaat qayd qilingan.
- Biroq shunga qaramay, o‘tgan yili viloyatda ayrim turdagi jinoyatlar ko‘paygan. Bu yondashuvni o‘zgartirish, diqqatni qaysi tomonga qaratish zarurligini ko‘rsatmaydimi?
- Rostdan ham 2021 yil davomida viloyatda o‘g‘irlik, firibgarlik, qotillik va og‘ir tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlar soni oshgan.
Vaziyatdan kelib chiqib, bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Xususan, viloyat hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, viloyatni jinoyatdan xoli hududga aylantirish maqsadida hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mahalla bilan hamkorlikda:
- o‘g‘irlik jinoyatlarining oldini olishda “Jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyatini yanada kuchaytirish, jinoyatlar ko‘plab sodir etilayotgan mahallalarga Samarqand shahar “Obod maskan” mahallasi tajribasini (ko‘chalarga videokameralar o‘rnatib, JNM orqali nazorat qilib borish) kengroq joriy qilish;
- firibgarlik jinoyatlarining oldini olishda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolarning huquqiy bilim saviyasini oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish;
- oila-turmush doirasida sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olishda, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, uning hududiy bo‘limlari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda mahallalardagi notinch oilalarni aniqlab, ushbu oilalarga mahalla faollarini biriktirish, notinchliklarga barham berish orqali jinoyatlar kelib chiqishining oldini olish;
- sodir etilgan har bir jinoyatni mahallalarda aholi o‘rtasida ta’sirchan muhokama etib, jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini keng omma e’tiboriga yetkazish, fuqarolarning fikrini eshitish, noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan fuqarolarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish orqali jinoyatlarning qayta sodir etilishining oldini olish;
- jinoyatlarning asosiy qismi yoshlar (18-30) tomonidan sodir etilayotganligi sababli mahalliy hokimliklar, bandlik bo‘limlari va yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikda uyushmagan yoshlarni ish bilan ta’minlash, hayotda o‘z yo‘lini topishiga ko‘maklashish, zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirish;
- profilaktik hisobdagi shaxslar bilan olib borilayotgan manzilli ishlarni kuchaytirib, ularni sog‘lom turmush tarziga qaytarish choralari ko‘rib kelinmoqda.
Bundan tashqari, odam savdosiga qarshi kurashish va uning oldini olish profilaktikasi bo‘yicha “Samarqand tajribasi” amaliyotga tatbiq etilib, uning doirasida “xavfli guruh”ga kirgan fuqarolar tezkor va profilaktik qamrovga olindi.
Shuningdek, virtual makondagi firibgarlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarning profilaktikasi bo‘yicha “Kiber makonda firibgarlik jinoyatlarining barvaqt oldini olish bo‘yicha Samarqand hududiy metodikasi” yaratildi.
- Davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 martdagi farmoniga asosan Ichki ishlar vazirligi tomonidan respublikada birinchilardan bo‘lib Samarqandda “Smart mahalla” mobil axborot tizimi yaratilgandi. Tizim afzalliklari va qanday ishlayotgani haqida ham aytib o‘tsangiz.
- To‘g‘ri aytdingiz, “Smart mahalla” axborot dasturi Prezidentimiz topshiriqlariga asosan, profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan o‘zaro tezkor muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida joriy etildi.
“Smart mahalla” mobil ilovasining ishlash prinsipi ochiqlik siyosatini yuritishga, fuqarolarning tegishli davlat organlariga murojaat qilishlaridagi jarayonlarni maksimal tarzda avtomatlashtirishga qaratilgan. Bunda fuqaro (foydalanuvchi) o‘zi istiqomat qiluvchi mahalla kesimida tizimda ro‘yxatdan o‘tishi zarur.
Mazkur mobil ilova aholiga sektorlarga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatib borish, mahalla raislari, sektor rahbarlari va profilaktika inspektorlari bilan o‘zaro tezkor muloqotni yo‘lga qo‘yish, sektor rahbarlari va profilaktika inspektorlari faoliyatiga baho berish kabi imkoniyatlar bilan bir qatorda, davlat idoralarining ochiq ma’lumotlar resurslaridan tezkorlik bilan foydalanishda qulayliklar yaratadi.
Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 800 mingga yaqin fuqaro “Smart mahalla” dasturiga ulangan.
Dasturiy axborot tizimiga kelib tushgan 446 ta murojaatdan 389 tasi hal etilib, 57 tasi ijroga olingan. Qayd qilish lozim, dasturga kelib tushgan murojaatlar hududiy sektor mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganib borilmoqda. Vakolat doirasida ko‘rib chiqish imkoniyati bo‘lmagan murojaatlar vakolatli organlarga yuborilib, ijro etilishi nazorat qilib borilmoqda.
- Siz viloyat IIB boshlig‘i sifatida ish boshlaganingizga ko‘p bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, bugungi olib borilayotgan siyosatdan kelib chiqib, OAV xodimlari, bloger va keng jamoatchilik vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazishni reja qildingizmi?
- Avvalo, aytib o‘tish lozim, ichki ishlar idoralari xalq xizmatchisi ekanligini mendan tortib oddiy xodimgacha yaxshi anglaydi va teran his qiladi. O‘z navbatida faoliyatimiz bo‘yicha belgilangan tartibda hisobot berib borish vazifamizni ham aslo unutmaymiz.
Shu ma’noda aytishim mumkinki, IIB rahbariyatining matbuot anjumani o‘tkaziladi. Bu tadbirni aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida OAVlari xodimlari, blogerlar va keng jamoatchilik vakillari bilan tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.