Hukumat komissiyasi Samarqanddagi sanoat korxonalari muammolarini o‘rgandi

Prezidentimizning 2020 yil 18 avgustdagi “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan hududlarda 6 ta yo‘nalish bo‘yicha faoliyat olib borildi. Komissiya tomonidan sanoat korxonalarining faoliyatini o‘rganish va ular duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, hududiy investitsiya dasturlarini maqbullashtirish, sanoat klasterlarini tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, import tovarlarni mahalliylashtirish, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalar samaradorligini oshirish, eksport hajmlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifalari amalga oshirilmoqda.

Sentyabr oyida komissiya tomonidan viloyatdagi 6259 ta sanoat ob’yektlarining joriy holati o‘rganildi.

Jumladan, korxonalar aylanma mablag‘larini to‘ldirish, ilgari to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini qaytarish, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Yer, bo‘sh bino va inshootlarni ajratish, zarur ruxsatnomalar, xalqaro sertifikatlar olish, texnologik uskunalarni olib kelish va xorijiy mutaxassislarning O‘zbekistonga yetib kelishlari bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topdi.

Samarqand viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi axborot xizmati.