Hunarmandlarga imtiyozli kredit va subsidiya ajratiladi

Prezidentning 2021 yil 30 dekabrda “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-77-sonli qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq, loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada "Hunarmand" uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, "usta-shogird" maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun - 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.

Belgilanishicha:

  • 2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan mablag‘larning 500 milliard so‘mi hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi;
  • imtiyozli kreditlar hunarmandning talabi bo‘yicha naqd pul olish imkoniyati bilan taqdim etiladi;
  • oldingi yillarda hunarmandlarga ajratilgan imtiyozli kreditlarning so‘ndirilgan qismidan hosil bo‘lgan mablag‘lar aynan hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun qayta yo‘naltirib boriladi;
  • imtiyozli kreditlardan samarali foydalanilishi va ularning o‘z vaqtida qaytarilishi yuzasidan "Hunarmand" uyushmasi tijorat banklari bilan birgalikda doimiy monitoring va nazorat tizimini o‘rnatadi.

Bunda, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha «oilakredit.uz» elektron maydonida hunarmandlarni onlayn navbatga qo‘yish va ularning loyihalarini kreditlash uchun alohida bo‘lim ishga tushiriladi.

2022 yildan boshlab Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi hisobidan:

  • "usta-shogird" an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga - shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlashi uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda;
  • shogirdlarga - mustaqil faoliyatini boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishi, shuningdek, ustalarga - veb-saytlarini tashkil etish uchun - BHMning 25 baravari miqdoridan oshmaydigan qismiga subsidiyalar ajratiladi.

“Yangi O‘zbekiston”.