Huquqiy ta’lim Fanlari oliygohlardagi o‘quv rejalaridan nega olib tashlanyapti?
Huquqiy fanlarning asosiy qismini ijtimoiy fanlar tashkil etadi. Afsuski, oliy ta’lim tizimida ularga doimo bir xil munosabatda bo‘linmayapti. Ushbu fanlarning ba’zilari bugun o‘quv rejalariga kiritilyapti, ayrimlari olib tashlanyapti yoki dars soatlari qisqartirilmoqda.
Misol uchun, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida O‘zbekiston tarixini, uning boy merosini o‘rganish, shu maqsadda tadqiqotlar olib borish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1-bosqich talabalariga mo‘ljallangan chet mamlakatlar (xorijiy) va O‘zbekiston davlati va huquqi tarixi kurslari olib tashlandi.
Buni qanday tushunish kerak? O‘zbekiston tarixi, boy madaniy-ma’naviy merosimiz tarixini lozim darajada o‘qimagan mutaxassisning ma’naviyati qanday bo‘lishi mumkin?
Bundan tashqari, chet mamlakatlar bilan aloqalarimiz rivojlanib borayotgan, ularning davlatchilik tarixiga, huquqiy ta’lim, huquqiy madaniyatiga e’tibor kuchayayotgan bir vaqtda uni o‘quv rejalaridan olib tashlash xatolik emasmi?
Joriy o‘quv yili o‘quv rejasida ixtisoslikning yarmini tashkil qiladigan huquq ta’limiga kam soat ajratilib, ixtisoslik uchun jami yuklama 9072 soat bo‘lgani holda yuridik fanlarga 1170 soat ajratilgani mantiqsiz. Demak, kimningdir fikricha, barcha yuridik fanlarga asos bo‘lgan davlat va huquq tarixi fanlarini o‘qitmasa ham bo‘ladi.
Avvaliga O‘zbekiston tarixini o‘qitish bekor qilindi va yana qayta tiklandi. Deyarli 80 yil o‘qitilib kelinayotgan davlat va huquq asoslari yoki huquqshunoslik fanini o‘qitish ham tugatildi. Konstitutsiyani o‘rganish kursi bor edi. Ushbu kurs 15 yillar mobaynida "Huquqshunoslik. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish" deb atalib buning uchun 114 soat ajratilgan, dastur, uslubiy va o‘quv qo‘llanmalari yaratilgandi. Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasida "Asosiy qonunimizni umumta’lim maktablarida, oliy o‘quv yurtlarida, mahalla va mehnat jamoalarida tizimli ravishda o‘rganish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishimiz lozim", deyilganiga qaramasdan bu kurs ham tugatildi.
O‘ylaymizki, ushbu konsepsiyalar oliy ta’lim tizimidagi huquqiy ta’lim beradigan fanlarni qaytadan o‘z o‘rniga qo‘yilishiga, jamiyatimizda huquqiy ta’lim va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ziyodulla MUQIMOV, professor.